Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Juma kunida qilingan duo

Juma kunida qilingan duo

Ilgari haftalar jumadan jumagacha hisob bilan o‘tardi. Juma kuni yuvinib, toza kiyimlar bilan jumaga shoshilgan namozxonlar, ko‘chalarni to‘ldirgan avtomobillar, domla-imomlarning ma’ruza nasihatlarining sog‘inchi dilni o‘rtaydi. 

Qachon yana o‘shandoq kunlar kelar ekan, deb sog‘ingan ko‘zlardan yosh tomchilaydi.

Ey Robbim, sen bizning ko‘zlarimizni ko‘p narsaga ochding, ko‘p narsalarning asl qadrini ko‘rsatding:

- To‘ylar 200-250 mehmon bilan o‘tsin, deyilganida ko‘nishga qiynalgan xalq, 10  kishi bilan ham to‘y o‘tkazsa bo‘lishini bilib yetdik va shunga ko‘nayapmiz ham. 

- Iftorlar ham to‘kin-sochin, gohi uvolga chegaradosh bazm-mehmondorchiliklarsiz o‘tishi mumkinligini ham tushunib yetdik. 

- Vaqtim yo‘q, ishim ko‘p, deb ota-onamiz, uydagilarni, bola chaqani deyarli ko‘rmay yurardik, ana ularning diydoriga ham bizni yetkazayapsan.

- hashamatli ofislar ham uvol ekan, shu ishlarni uyda o‘tirib ham qilar ekan, kishi.

- ko‘ngil ochar maskanlar, restoranu kafelar, kinoteatr va konsertlarsiz ham hayot o‘tar ekan.

- dunyoning eng mashhur kurortlari emas,  Chorbog‘dagi dala hovliga chiqib, dam olish orzusida ham yurish mumkin ekan.

- dunyo so‘rasak, uning boshqa ne’matlari bir chekkada kolib, Sendan endilikda faqat o‘zimizga va yaqinlarimizga salomatlik, yangi bu darddan najot va eminlik tilaydigan bo‘lib qoldik.

- o‘tgan kunlarimizga nazar solsak, o‘zimizni xuddi endi g‘aflatdan uyg‘onganlardek, his etmoqdamiz: shuncha ne’matlaring va mo‘’jizalaringni biz tabiiy bir hol va o‘z-o‘zidan mavjud bir matoh, deb bilar ekanmiz.

Bizga ko‘rsatayotgan shu kunlaring hikmat va saboqlarga to‘lib toshgan... 

Hammasiga ko‘nayapmiz, hammasi uchun shukur... 

Faqat Sendan birgina narsa so‘ramoqchiman, xolos. 

Har Juma do‘stlardan tabrik olsam, qalbim tirnaladi.

Tunov kuni tushimda Juma namoziga shoshilayotgan ekanman, lekin hech ulgura olmayotgan ekanman. Yugursam, oyoqlarim og‘ir, hech tezlasha olmadim. Masjidga kirib kelsam, u makon bo‘m bo‘sh ekan, go‘yoki jamoa namozini o‘qib, tarqab ketgan emish. Masjidingda biron kimsa yo‘q... Uyg‘onsam, ko‘zlarim nam, qalbimda alam. 

Sendan shuni iltijo qilaman, ey Qodir  Alloh, bizga Juma kuningning fazilati, barakoti, rahmati, ibodati bo‘lmish Juma namozimizni qaytarib bergin! Hammasidan uni sog‘indik.

Zafar Komil

Kiritildi: 08:05 02.06.2020. O'qildi: 2991 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!