Ebola vaksinasi yetmish ming dozada Kongo Demokratik Respublikasiga (KDR) yuboriladi.
Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bayonotida aytilgan.
Ta’kidlanishicha, hozirgi Ervebo vaksinasi Zair Ebola virusining yana bir shtammidan himoya qilish uchun ishlab chiqilgan va mutaxassislar uning hozirgi, yanada og‘irroq Bundibugio shtammidan ham samarali himoya qilishiga ishonchlari komil emas. Shuning uchun, ko‘ngillilar ishtirokidagi III bosqich klinik sinovi uchun 20 ming doza ajratilgan. Qo‘shimcha 50 ming doza kasallikka qarshi kurashda ishtirok etayotgan tibbiy va ijtimoiy xizmat xodimlariga tarqatiladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki laboratoriya ma’lumotlari va hayvonlar ustida o‘tkazilgan tajribalar vaksina ma’lum darajada himoya qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus o‘z navbatida ushbu qarorni global birdamlikning muhim namunasi sifatida yuqori baholadi. Shuningdek, u JSST o‘z hamkorlari bilan birgalikda epidemiyani nazorat ostiga olish va mintaqada hayotni himoya qilish uchun kuchaytirilgan epidemiologik kuzatuv, kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, sifatli tibbiy yordam, jamoatchilik ta’limi va emlash ishlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini qo‘shimcha qildi.
So‘nggi hisobotga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan kasallanishning jami 5021 holati qayd etilgan, ulardan 2378 nafari vafot etgan.