Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Ebola epidemiyasi Kongo Demokratik Respublikasi bilan cheklanib qolmay, qo‘shni davlatlar va butun mintaqa uchun ham xavf tug‘dirayotganini bildirdi.
Reuters xabar berishicha, KDR hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda Ebola epidemiyasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 3000 nafardan oshgan. Epidemiya mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarida tarqalishda davom etmoqda.
«Barcha yuqish zanjirlari aniqlanib, uzilmaguncha, epidemiya davom etadi va Kongo, uning qo‘shnilari hamda umuman mintaqa uchun xavf tug‘diradi», — dedi JSST rahbari.
Tedrosning ta’kidlashicha, ko‘plab o‘lim holatlari infeksiya manbasi bilan aloqasi aniqlanmagan odamlar orasida qayd etilgan. Bu esa hali aniqlanmagan infeksiya yuqish zanjirlari mavjudligini ko‘rsatadi.
Uning aytishicha, vafot etganlarning ayrimlari hali ham xavfsizlik talablariga rioya qilinmagan holda dafn etilmoqda. Bu esa virusning yanada tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.
JSST rahbari xalqaro hamjamiyatni KDR hukumatining Ebolaga qarshi kurash uchun ishlab chiqqan 1,3 milliard dollarlik rejasini moliyalashtirishni ko‘paytirish va mablag‘larni tezroq ajratishga chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, Bundibugyo turidagi Ebola virusi epidemiyasi KDR tarixidagi eng yirik va xavfli epidemiyalardan biriga aylangan. U 2018–2020 yillardagi epidemiya ko‘lamini ham ortda qoldirgan.
JSST potensial vaksinalarning klinik sinovlarini oktyabr–noyabr oylarida boshlashni rejalashtirmoqda. Virusga qarshi davolash usullarining klinik sinovlari esa allaqachon boshlangan.
JSST may oyida KDR va Ugandadagi epidemiyani xalqaro miqyosda tashvish uyg‘otuvchi favqulodda holat deb e’lon qilgan edi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, genetik tahlil epidemiya aslida bir necha oy oldin — yanvar va fevral oylarida boshlanganini ko‘rsatgan.