Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum koridori YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganiga bir yildan oshdi. Bu yerda 31 ta madaniy meros ob’ekti bor: O‘zbekistonda 15 ta, Tojikistonda 9 ta, Turkmanistonda 7 ta.
Lekin soha mutasaddilarida ham, hokimlarda ham 3 ta davlatdan o‘tgan bu tarixiy yo‘nalish salohiyatidan foydalanish bo‘yicha birorta taklif yo‘q. Mas’ullarga bu yo‘nalishda yangi turizm marshrutini ishlab chiqib, keng targ‘ib qilish topshirildi.
"Turizmda oliy ta’limni 4 yildan 3 yilga kamaytirib, dual tizimga o‘tkazdik. Nima uchun? Yoshlar ko‘proq amaliy bilim olib, tajriba orttirishi kerak", — dedi Prezident.
Masalan, Toshkentdagi Singapur menejment instituti oliygoh hududida 10 qavatli mehmonxona turizm klasteri tashkil qilmoqda. Yiliga 200 nafar talaba, 300 nafar o‘qituvchi mehmonxona boshqaruvi, marketing kabi yo‘nalishda amaliyot o‘tash va malaka oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Dual ta’lim bo‘yicha hududlarda ham yaxshi tajribalarni ko‘paytirish, joriy yilda 500 nafar talabani turizm bo‘yicha amaliyot o‘tash va ishlashga yuborish muhimligi ta’kidlandi.