Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Jizzaxlik ayol: "Erim o‘rtoqlarini uyga chaqirib, meni ularga qo‘shmoqchi bo‘ldi. Bu — dahshat!"

Jizzaxlik ayol: "Erim o‘rtoqlarini uyga chaqirib, meni ularga qo‘shmoqchi bo‘ldi. Bu — dahshat!"

 Bu yosh ayol hayoti asosida qalblarni larzaga soluvchi psixologik triller suratga olish mumkin. Ayol uzoq yillar davomida birgina o‘ziga ayon bo‘lgan dahshatli sirni hech kimga aytolmay keldi, ammo bundan buyog‘iga sukut saqlamoqchimas. Qariyb o‘n yillik turmushi davomida boshdan kechirgan ko‘rguliklar haqida jizzaxlik Muhayyo Sputnik O‘zbekiston muxbiriga so‘zlab berdi.

Muhayyo o‘z yurtiga qaytganiga endi bir haftadan oshdi. Rossiyadan Jizzaxga u chorasizlikdan yo‘lovchi mashinada kelgan. Begona yurtda ayovsiz kaltaklangan, sariq chaqasiz holatda u qonuniy eri tomonidan tashlab ketilgan. Albatta, ayol erining ortidan quvish uchun yo‘lga chiqqani yo‘q, u qizlari yonida bo‘lishga shoshilgan edi.

Suyanchiq deb o‘ylagani, sadist bo‘lib chiqdi

Muhayyoni erkin munosabatlarga o‘rgangan ayollar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, biroq u "ko‘z ochib ko‘rgan" insoni bilan to‘yga qadar qovushgan: romantik uchrashuv davomida sevgilisi tomonidan uzatilgan spirtli ichimlik to‘ldirilgan bir necha qadahdan so‘ng, u ertasiga nima ro‘y berganini ko‘radi va "taqdir shu ekan, nega unga turmushga chiqmay" degan qarorga keladi.

Ayolning aytishicha, shafqatsiz kaltaklar ilk homilador bo‘lgan vaqtidan boshlangan. Muhayyoning turmush o‘rtog‘i hisoblanmish Faxriddin uchun sabablar ham kerakmas edi. U shuningdek, ayolining qo‘liga hech qachon pul tutmagan. "Pul - yomon, u ayolni quturtiradi", degan gapni takrorlashni xush ko‘rgan.

"Shunday yashardik. Men uydagilar yuzini qora qilishdan qo‘rqqanim uchun erimning kaltaklariga chidardim. Tahqirlanishim, kamsitilishim, muntazam kaltaklanishim haqida onamga deyarli aytmasdim. Bir-ikki aytganimda ham, "chida, qizim, hammasi o‘tib ketadi", deganlar. Ortga yo‘l yo‘q edi", - deya hikoya qiladi turmushining ilk yillari haqida Muhayyo.

Er-xotin ish topish ilinjida ma’lum vaqtga Toshkentga keladi. Bu yerda Faxriddin "Xalqlar do‘stligi" saroyida barmenlik qila boshlaydi. Xuddi shu kunlarning birida muntazam bo‘ladigan oilaviy janjallar qatoriga, gruppaviy jinsiy aloqaga majburlar holati ham qo‘shiladi.

"Men bu haqda hozirgacha hech kimga aytolmagan edim. Hatto eng yaqinlarim - onam va opalarimga ham. U menga yana ikkita erkakni yotog‘imizga olib kelishni xohlaganini aytganida, avval dahshatdan shokka tushib, agar shunday qilsangiz, o‘zimni o‘ldiraman, deb undan bunday qilmaslikni yig‘lab, yolborib so‘raganman. U meni shu uchun ham ko‘p kaltaklardi", — deb xotirlaydi Muhayyo.

Begona yurt sari baxt izlab

2019 yilning may oyida oila pul topish ilinjida Rossiyaga yo‘l oladi. Boshida patent, kvartira ijarasi va hokazolar uchun Muhayyoning opasidan qarz olib turishadi.

"Patentim tayyor bo‘lishi bilan restoranlarning biriga idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishga kirdim. Ish haqim kunlik berilardi - 1300 rubl olardim. Bu pullar patent va registrasiya uchun to‘lov, yashash va erimning mayda-chuyda xarajatlariga yetardi. Ikki oy o‘tgach, u meni mashina sotib olishga ko‘ndirdi - pissa tashisam, pul topaman, hayotimiz yaxshilanadi, degan va’dalaridan keyin yana qarz olib, eskiroq "Matiz"li bo‘ldik. Ammo erim menga shundan keyin ham oyligini ko‘rsatmadi", - deydi Muhayyo.

Aksincha, endi uning yangi talablari paydo bo‘ladi. Faxriddin o‘z xotiniga shim va ochiq koftalar kiyishni taqiqlaydi.

"Kunlarning birida ishdan qaytsam, erim karavotda o‘tirib, pichoq bilan bor kiyimlarimni burdalab o‘tirgandi. Hayratdan qotib qoldim, ammo bu safar ham indamadim, ishga uzun ko‘ylak va ro‘molda qatnay boshladim", - deydi ayol.

Ish beruvchilar Muhayyoni ishga rasmiylashtirishga qaror qilib, maosh endi kunda emas, balki oyda bir marta berilishini e’lon qilgan kun oilada yana janjal avj oldi. Turmush o‘rtog‘i ayolni pulni undan qizg‘anishda ayblab, yo‘q joydan urush chiqaradi va Muhayyoga hatto pichoq bilan tahdid qiladi.

Faxriddinning tanishlari ham undagi o‘zgarishlarni allaqachon payqashgan edi. Tanishlaridan biri Muhayyoga qo‘ng‘iroq qilib, undan o‘ziga ehtiyot bo‘lishni so‘raydi. Kelinchakni qo‘rquv bosadi, u hamkasblari bilan bog‘lanib, samolyotga chipta olishga yordam berishlarini so‘raydi.

Kutilmaganda uyga kirib kelgan Faxriddin xotinining telefoniga SMS kelganini ko‘rib, qo‘lidan yulib oladi va xabarni ovozini chiqarib o‘qiydi: "Sizga chipta topdik, bizga qo‘ng‘iroq qiling". Faxriddinning aft-angori o‘zgarib: "Xo‘sh, qayerga otlanding?", - so‘raydi Muhayyodan. Shundan keyin ro‘y bergan voqealarni ayol bugun ham titroq bosgan holatda esga oladi.

"Hammasi tamom, deb o‘ylagandim"

Muhayyo eri janjal ko‘tarmaganiga avvaliga hayratlandi ham. Faxriddin undan shunchaki kiyinishni so‘raydi va ko‘chaga aylantirib kelishini aytadi.

Uy egasi o‘rtada ro‘y berayotgan voqealardan xabardor bo‘lgani uchun Faxriddindan darhol Muhayyoni qayoqqa olib ketayotganini so‘raydi. Erkak unga barmog‘ini tekizmasligini aytib, ont ichadi. Ehtimol, shu qasam Muhayyoni ajaldan saqlab qoladi ham.

"Shahardan tashqariga chiqishimiz bilan u mashinani juda katta tezlikda hayday boshladi - dachalar, poselkalar, o‘rmonzor ko‘z oldimda bir-bir almashardi. Avvaliga nima ro‘y berayotganini tushunmadim. Nihoyat, u o‘rmonzor ichiga qarab haydadi va bir joyda mashinani to‘xtatdi. Kutilmaganda qo‘lidagi kalit bilan boshimga ura ketdi. So‘ng biqinim, sonlarimga kalitni chuqur botirib ola boshladi. Qo‘limni kalit uchi bilan kesdi", — ovozida titroq bilan hikoya qiladi ayol.

So‘ngra mashinadan sudrab tushirdi va duch kelgan joyimga tepib, kaltaklay boshladi. U meni xiyonatda ayblar, "Kim bilan bo‘lgansan, ayt", deya qilmagan ishimga iqror bo‘lishimni talab qilardi. Oradan undan va qizlarimizdan voz kechishim kerakligini aytardi. Ko‘z yoshlarim, qasamlar, yolvorishlar unga umuman kor qilmasdi, deydi Muhayyo.

"Do‘pposlashdan charchagach, mashinaning bagaj qismidan benzil to‘ldirilgan bakni olib keldi va ustimdan quydi. O‘zi esa chetga o‘tib, sigareta tutatdi. Dag‘-dag‘ qaltirayotganimni ko‘rib, beo‘xshov iljaydi va "Xohlaysanmi, hozir shundoq sigaretni tashlayman, "voshillab" yonib ketasan?", - dedi. Shu onda men hammasi tamom endi, deb o‘yladim. Undan oxirgi marta qizlarim va onamni ko‘rishga imkon berishini so‘rab, yalina boshladim", - deya yodga oladi Muhayyo.

U hozirgacha, o‘shanda erini qotillikdan nima to‘xtatib qolganini bilmaydi. Ammo, ayolning yuz-qo‘llarini o‘zi ko‘tarib kelgan besh litrli suvda yuvib, mashinani yurg‘izmoqchi bo‘lganida, Muhayyoni kaltaklashda "qurol" sifatida ishlatilgan kalit sinib ketadi va "Matiz"ni o‘rmonzorda qoldirishga to‘g‘ri keladi.

"U kurtkasini yechib, menga kiydirdi, kapyushoni bilan momatalog‘i chiqqan yuzimni berkitdi va shu alfozda katta trassaga yetaklab chiqdi. Yo‘lovchi mashinalarning birida uyga qaytdik", - deya o‘z hikoyasini davom ettiradi Muhayyo.

Kelinchakni bu ahvolda ko‘rib, kvartira egasi Faxriddinni uydan ko‘chaga quvib soladi va polisiya chaqirish bilan po‘pisa qiladi.

Zo‘ravondan qurbon chiqdi

Muhayyoning aytishicha, shundan so‘ng u bir necha kun davomida ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoladi. Boshidagi yoriqlar, burnidagi ko‘karish biroz yaxshi bo‘lgach, uy egasi unga O‘zbekistonga qaytish kerakligini maslahat berib, chipta olishga yordamlashishini aytadi. Sumkasini ochgan Muhayyo hayratdan dong qotadi, Faxriddin uydan quvilgan kuni xotinining barcha hujjatlarini o‘zi bilan olib chiqib ketgan ekan. Ustiga-ustak, "xotinimni O‘zbekistonga yubormoqchiman", degan vaj bilan Muhayyoning ishxonasidan oyligining qolgan qismini ham olishga ulgurgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng chindan polisiyaga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Faxriddin qo‘lga olinadi, hujjatlar ayolga qaytariladi. Oradan bir necha kun o‘tgach, er vatanga uchib ketadi, pulsiz qolgan ayol qarz olib yo‘l mashinada qaytishdan o‘zga chorani topolmaydi.

Vatanda, Jizzax viloyatida Muhayyo nimaiki bo‘lmasin, zolim er bilan ajrashishga qaror qiladi. Ammo ayol hozircha ko‘makka muhtoj. Muhayyoning aytishicha, turmush o‘rtog‘i uning mahallasiga kelib, go‘yoki xotini opasi bilan birgalashib uning bor-budini shilib olib, uydan quvib solgani haqida mish-mish tarqatgan. Er barcha instansiyalarga qatnab, Muhayyo ustidan shikoyat qilmoqda va ayovsiz kaltaklangan Muhayyo emas, o‘zini "qurbon" qilib ko‘rsatmoqda.

Kelinchak bugun ikki qizini onasi va opasi ko‘magida tarbiyalamoqda. Muhayyo eri bilan qonuniy ajrashishni va barcha azoblarni esdan chiqarishni istaydi. U mahalladagi profilaktika inpektoriga murojaat qilgan, ammo hech qanday yordam yoki maslahat olmagan. Ayol yashaydigan shaharchada zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun reabilitasiya markazi mavjud emas. Muhayyo shunga ishonadiki, agar o‘zi kabi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar o‘zlarini qiynayotgan muammolar haqida gapirsalar, jamiyat ham, tegishli xizmatlar ham bunga befarq bo‘lmaydi, to‘liq qo‘llab-quvvatlashadi.

Sputnik O‘zbekiston jarbdiydaga ko‘maklashish maqsadida Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi bilan bog‘landi. Tashkilot murojaatni qabul qildi va shu zahoti ish materiallarini Jizzax xotin-qizlar qo‘mitasiga yo‘naltirdi. 24 oktyabr holatiga ko‘ra, Jizzax xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari Muhayyo bilan telefon orqali bog‘lanishgan va bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘rganish, ayolga qanday ko‘mak kerakligini aniqlash maqsadida uni o‘z idoralariga chaqirtirishgan.

Muhayyo nafaqat yuridik, balki psixologik ko‘makka muhtoj.

 

Kiritildi: 10:42 25.10.2019. O'qildi: 50386 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!