Azima (ismlar o‘zgartirilgan) tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida katta hamshira bo‘lib ishlardi. Uni shayton yo‘ldan urdimi, harqalay bankning kredit mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish xayoliga kelib qoldi. O‘zi bilan birga ishlab kelayotgan tibbiyot birlashmasi xodimi Ro‘zigulga uning nomiga kredit olishini, Maftunaga esa ushbu olinayotgan kredit uchun kafil bo‘lishini iltimos qiladi. Hamkasblarini kredit to‘lovlarini o‘zi to‘liq to‘lab yopishini, ularga hech qanday muammo bo‘lmasligini aytib, yolg‘on va’dalari bilan ishontiradi. Azima bankdan iste’mol kredit shartnomasiga asosan 3 yil muddatga yillik 28 foiz ustamasi bilan 10.000.000 so‘m miqdorda kredit mablag‘i olishga erishadi. Ushbu mablag‘ni xususiy korxonaga iste’mol tovarlari xaridi uchun o‘tkazadi. Odamning olasi ichida bo‘ladi, deganlaridek uning qora niyati tez orada yuzaga chiqdi. U bank hamda Ro‘zigul va Maftunaning ishonchini suiiste’mol qilgan holda kredit mablag‘lari evaziga xususiy korxonadan olingan maishiy texnikalarni dastlabki tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan boshqa fuqarolarga sotib yuboradi. Pullarni esa o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Kredit olishga ustasi farang bo‘lib ketgan bu ayol yana 30 dan ziyod hamkasblarini chuv tushirdi. E’tiborli jihati, u 5 ta bankdan kredit mablag‘larini olishga erishgan. Firibgarlikning oxiri voy.
Sudda Azima aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini bildirdi. U jabrlanuvchilarga jami 41.648.834 so‘mlik moddiy zarar yetkazgan. Banklardan esa hammasi bo‘lib 241.751.706 so‘mlik kreditlar olgan.
Albatta jinoyatga jazo muqarrar. Sud hukmiga binoan Azimaga firibgarlik va boshqa jinoyatlarni qasddan sodir qilganlikda aybli deb topilib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlandi.