Bugun 20 sentyabr, 2024 yil, juma

КИР

Jizzaxda firibgarlarning “sinalgan usuli” ish bermadi

Jizzaxda firibgarlarning “sinalgan usuli” ish bermadi

Sharof Rashidov tumanida yashovchi fuqaro Arnasoy tumani “Tinchlik” fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 6 kishidan nasiyaga olgan 68 bosh mayda shoxli mollarini o‘zlashtirib yuborgan. Firibgar sinalgan usuldan foydalandi. U dastlab, fuqarolarning bir nechta chorva mollarini yaxshigina narxga olib, pullarni kelishilgan vaqtda yetkazib beradi.

Keyingi safar u yanada ko‘proq qo‘y olib ketdi va qorasini ko‘rsatmadi. Jabrlanuvchilar muttahamning insofga kelishini ozroq kutdilar, bu boradagi ilinjlari yo‘qqa chiqqach, ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi. “Tinchlik” ahli g‘avg‘oni o‘zlari sotib oldi, desak xato bo‘lmaydi.

G‘allaorol tumani Buloqboshi qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan B.J. ham firibgardan aziyat chekkanlardan biri. U 2019 yilning dekabr oyida shu tumanning Olimlar mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan F.M.dan “Nexia” rusumli avtoulovni 55 million so‘mga savdolashib oldi. Aniqrog‘i, 25 million so‘mni naqd berib, qolganini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishdilar.

Ammo ushbu avtoulov Toshkent shahrida yashovchi boshqa bir shaxsga tegishli bo‘lib chiqdi. “Nexia”ning haqiqiy egasi avtoulovini shartnoma asosida firibgarga berganligi ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa B.J. endi yetdim, deganida avtomashinasidan ajrab qoldi.

Tabiiyki, jabrlanuvchi ichki ishlar organlariga ariza yozdi. Tergov va surishtiruv jarayonida F.M. G‘allaorol tumani Baxt mahallasida yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan A.J.dan “Nexia” sotib olib, 28 million so‘m pulini bermasdan kelayotgani aniqlandi. Shuningdek, u Sharof Rashidov tumani Yangiobod mahallasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan B.E.dan ham “Nexia” olib, 40 million 800 ming so‘mini bermagan.

Ayni vaqtda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qoplash hamda ayblanuvchiga qonunda belgilangan javobgarlikni qo‘llash choralari ko‘rilayapti.

Shunisi aniqki, moliyaviy munosabatlar qonuniy yo‘llar bilan amalga oshirilganida bu tashvishlar yo‘q edi va hech kimning yuragini “O‘sha muttaham pulimni qaytarib berarmikan”, degan o‘y kemirmayotgan bo‘lardi.

Kiritildi: 17:02 17.09.2020. O'qildi: 2566 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!