Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

JIB Yunusobod tuman sudi sudyalari tomonidan IIV Akademiyasi kursantlari uchun o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi

JIB Yunusobod tuman sudi sudyalari tomonidan IIV Akademiyasi kursantlari uchun o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi

Ichki ishlar organlari uchun mutaxassislar tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etishda, nazariyaning amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilishda yangi ta’lim texnologiyalarni qo‘llash masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyalari tomonidan bugun, 14 sentyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida “Hukm. Hukm, ajrim va qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari” mavzuida binar-ma’ruza shaklidagi o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar berdi...

IIV Akademiyasida o‘quv jarayonini tashkil qilishda, auditoriya mashg‘ulotlarining an’anaviy turlari bilan birgalikda, o‘qitishning interfaol usullariga asoslangan zamonaviy shakllarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Roli o‘yinlar, vaziyatli o‘quv mashg‘ulotlari, teatrlashtirilgan darslar, viktorina shaklidagi seminarlar, binar darslar va boshqalar shular jumlasidandir. Ulardan biri bo‘lgan Binar ma’ruza – ma’ruzaning bir shakli bo‘lib, u mohiyatan o‘quv fanining bitta mavzusini yoritishda kamida ikki ma’ruzachi, ya’ni nazariyachi va amaliyotchi yohud ikkita pedagogning o‘zaro dialogiga asoslanadi.

Binar-ma’ruzada, amaliyotchilar sifatida Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi raisi Murodjon Mirzajonov, sudyalar Oybek Xayitov, Abdullajon Muhiddinov, Abbosxon Shamaxmudov va nazariyotchilar sifatida IIV Akademiyasi jinoyat-prosessual huquqi kafedrasi boshlig‘i Bekzod Rashidov, dosent Abdulla Sultonov o‘zaro ilmiy-amaliy dialogga kirishdi.

IIV Akademiyasining professor-o‘qituvchilari tarkibi va 3-kurs kursantlari ishtirokida o‘tkazilgan binar-ma’ruza mashg‘ulotida jinoyat prosessining markaziy bosqichi hisoblangan sud muhokamasining ahamiyati, uning tuzilishi va mazmuni, hukm va uning turlariga oid masalalar keng muhokama qilindi. Mavzu doirasida mutaxassislar amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar xususida to‘xtalib, o‘zaro fikr almashishdi.

Ma’ruza mashg‘ulotining yangicha ko‘rinishi davomida qilingan ma’ruzalar va chiqishlar barcha qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va kursantlarning savollari hamda qizg‘in bahs-munozaralarga ulanib ketdi.

Binar-ma’ruzada yakunida ishtirokchilar hamda kursantlar sud muhokamasi, hukm, shuningdek, hukm, ajrim va qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlariga oid chuqur va mustahkam bilim, ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Kiritildi: 13:06 15.09.2021. O'qildi: 2195 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!