Janubiy Afrika Respublikasining Gauteng viloyatida joylashgan ko‘ngilochar maskanga uyushtirilgan qurolli hujum oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, yana 10 nafar yaralandi.
Polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, 10 nafar qurollangan shaxs Yoxannesburg janubidagi Bekkersdal aholi punktida joylashgan muassasaga bostirib kirib, odamlar ustiga tartibsiz o‘q uzgan. Hujumchilar qochayotganlarga orqasidan ham o‘q uzishgan, shuningdek, yo‘ldan o‘tayotgan avtomobilni nishonga olib, haydovchini o‘ldirgan.
So‘ngra jinoyatchilar halok bo‘lgan va yaralangan shaxslarni talon-taroj qilib, pul, telefon va qimmatbaho buyumlarni olib, o‘g‘irlangan ikki avtomobilda voqea joyidan qochib ketishgan.
YUAR hokimiyati fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirayotganini ma’lum qildi. Mamlakat jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi.