Janubiy Koreyaning Innospace kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi tijorat kosmik raketasi Xanbit-Nano havoga ko‘tarilgandan so‘ng darhol qulab tushdi. Bu haqda 23 dekabr kuni Yonhap axborot agentligi kompaniya vakiliga tayanib xabar berdi.
"Raketa yerdagi xavfsizlik zonasiga qulagan, qurbonlar va qo‘shimcha vayronalar haqida xabar berilmagan", — deyiladi xabarda.
Xanbit-Nano Braziliyadagi Alkantara kosmik markazidan taxminan 10:13 da uchirildi. Raketa yuqoriga ko‘tarila boshladi va kursidan og‘di. Radarlar aniqlangan anomaliya haqida xabar berishdi. U ko‘tarilganidan 30 soniya o‘tib qulagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, raketa 300 kilometr balandlikda past orbitaga chiqishga mo‘ljallangan beshta sun’iy yo‘ldoshni olib yurgan.