Janubiy Koreya mamlakatning AQSh oldidagi “tarixiy qarzi” tufayli Tramp joriy etgan boj to‘lovlariga “qarshilik ko‘rsatmasligini” bildirdi.
Bu haqda mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Xan Dok Su Financial Times nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Qo‘shma Shtatlar Koreyaning bugungi holatga kelishida “ulkan rol” o‘ynagan. Vayronkor Koreya urushidan so‘ng Vashington bizga yordam, texnologiyalar, investisiyalar va xavfsizlik kafolatlarini taqdim etdi", — deya fikr bildirdi Xan Dok Su.
U bu omillar Janubiy Koreyani chet elliklar uchun juda qulay investision muhitga ega mamlakatga aylantirganini qo‘shimcha qildi.
Xan Dok Suning so‘zlariga ko‘ra, Seul Vashington bilan muzokaralarga kirishib, “ikkala tomon uchun ham foydali bo‘ladigan yechimlar izlashni” afzal ko‘radi. U Trampning harakatlarini “qarshi kurashishga arzigulik sabab” deb hisoblamasligini ta’kidladi.