Bugun 25 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

Jannatning nechta eshigi bor?

A A A
Jannatning nechta eshigi bor?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo deydi:

"To qachon ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida..."(Zumar, 73).

Ilm ahlining ba’zilari jannat eshiklari sakkizta ekanini aytib, dalil sifatida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadislarini keltiradilar: "Sizlardan kim tahorat olsa va tahoratini mukammal qilsa, tahoratdan forig‘ bo‘lgach, "ashhadu allaa ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh", desa, unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u xohlaganidan kiradi" (Muslim rivoyati).

Hakim Termiziy "Navodirul usul"da jannat eshiklari haqida aytadi: "Muhammad sollallohu alayhi va sallamning eshiklari hamda rahmat va tavba eshiklari borki, Alloh ularni yaratganidan beri ochiq turadi. Qachon quyosh g‘arbdan chiqsa, yopiladi va qiyomat kunigacha ochilmaydi. Boshqa eshiklar esa ezgu amallarga ko‘ra taqsimlangan: namoz eshigi, zakot eshigi, sadaqa eshigi, jihod eshigi, silai rahm eshigi va umra eshigi. Shunga ko‘ra, jannat eshiklari o‘n bittadir".

Eshiklarning sakkiztadan ko‘p ekaniga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis ham dalolat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kim tahorat olsa va tahoratini mukammal qilsa, so‘ng "ashhadu allaa ilaha illalloh"ni qalbida tasdiq qilgan holda aytsa, uning uchun jannat eshiklaridan sakkiztasi ochiladi. Qiyomat kuni xohlaganidan kiradi" (Termiziy rivoyati).

Abu Umar ibn Abdulbir "Tahmid" kitobida: "Hadisda: "jannat eshiklaridan sakkiztasi", deyilgan". Bu gapdan sakkiztadan boshqa eshiklar ham borligi tushuniladi", deyiladi.

Xolid ibn Umayr aytadi: "Utba ibn G‘azvon (u Basra amiri edi) bizga xutba qildi. Xutbasida Allohga hamdu sano aytib, "Unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi", degan hadisni esladi, so‘ng: "Darhaqiqat, bizga zikr qilindiki, jannat eshiklarining har ikki tabaqasi orasi qirq yillik masofadir. Hali shunday kun keladiki, u izdihomdan to‘ladi", dedi" (Muslim rivoyati).

Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: 

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: 

"Jannatda Rayyon degan eshik bor, undan ro‘zadorlar kiradi. Ro‘zadorlarning oxiri kirgach, u eshik berkitiladi, so‘ng undan boshqa hech kim kirmaydi" (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Amallarga ko‘ra xos bo‘lgan boshqa eshiklar ham shunday.

Abu Hurayraning hadisida barcha eshiklardan chaqiriladigan insonlar ham bo‘lishi zikr qilindi. Bu chaqiriq, ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, amal qilgan insonni ulug‘lash, hurmatlash, e’zozlash chaqirig‘i bo‘lib, amallarining savobi buyuk ekanini bildirish uchundir. Zero, banda barcha amallarni qilar ekan, barcha eshiklardan chaqirilish baxtiga muyassar bo‘la oladi. Ammo banda, qaysi amali g‘olib, kelsa, o‘sha amalning eshigidan kiradi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat dilinadi: 

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bugun sizlardan kim ro‘za tutdi?" deb so‘radilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: "Men", dedilar. U zot: "Bugun sizlardan kim janozaga bordi?" deb savol qildilar. Abu Bakr: "Men", dedilar. "Bugun kim miskinga taom berdi?" deb so‘radilar keyin. Yana Abu Bakr roziyallohu anhu: "Men", dedilar. "Bugun sizlardan kim kasalni ziyorat qildi?" degan edilar, Abu Bakr: "Men", dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunda: "Kimda ushbu xislatlar jamlansa, u, albatta, jannatga kiradi", dedilar (Muslim rivoyati).

Imom Qurtubiyning “Tazkira”sidan

Kiritildi: 13:52 11.12.2018. O'qildi: 33458 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!