Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: "Alloh azza va jalla: "Solih bandalarim uchun ularga bergan narsalarimdan tashqari zahira qilib, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va birorta insonning xayoliga ham kelmagan narsalarni tayyorlab qo‘yganman", deyapti”. So‘ng ushbu oyatni o‘qidilar: "Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot bo‘lsin, deb ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini biror jon bilmas" (Sajda, 17) (Imom Muslim).
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo aytadilar: "Payg‘ambarimiz bir kuni ashoblariga: "Jannatga kirish uchun yeng shimaruvchilar bormi? Chunki u ta’rifga ojiz. Ka’baning Rabbiga qasamki, jannat charaqlagan nur, tebranib turgan rayhonlar, tiklangan qasrlar, to‘lib oquvchi anhorlar, pishib yetilgan turli xil mevalar, go‘zal va chiroyli juftlar, sofligi va tiniqligi abadiy bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p zeb-ziynatlar diyoridir. U oliy, ajoyib, tinch va osoyishtadir", dedilar. Ashob: "Biz jannat uchun yeng shimaruvchilarmiz, ey Allohning Rasuli!" deyishdi. Ul zot: "Inshaalloh, denglar", dedilar..." (Ibn Moja rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Rasulullohdan: "Maxluqlar nimadan yaratilgan?" deb so‘radim. "Suvdan", dedilar. So‘ng: "Jannat nimadan bino bo‘lgan?" dedim. "Kumush va oltin g‘ishtlardan. Uning poydevori mushk, toshlari dur va yoqut, tuprog‘i za’faron. Kim unga kirsa, ne’matlanadi, umidsiz bo‘lmaydi, abadiy turadi, o‘lmaydi, kiyimlari eskirmaydi, yoshligi ham ketmaydi (qarimaydi)", dedilar" (Termiziy rivoyati).
Ibrohim ibn Muoviya Said Toiydan rivoyat qiladi: "Menga ummul mo‘mininning ozod etgan quli Abul Mudalla Abu Hurayraning ushbu hadisini aytdi: "Ey Rasululloh, sizning huzuringizda bo‘lganimizda qalblarimiz yumshab, oxiratni o‘ylab qolamiz. Qachon sizning oldingizdan ketib, bola-chaqamiz oldiga borsak, dunyoga mashg‘ul bo‘lib ketamiz", dedik". Shunda Rasululloh: "Agar sizlar meni tark qilgan chog‘ingizda ham huzurimda bo‘lganingiz kabi holatda turganingizda, farishtalar sizlar bilan, albatta, qo‘l berib so‘rashar, sizlarni ziyorat qilish uchun uylaringazga kelishar edi. Agar sizlar hech gunoh qilmaganingizda, Alloh taolo gunoh qiladigan qavmni keltirgan bo‘lur edi, so‘ng u qavm istig‘for aytib, gunohlarini kechirishini so‘rar va Alloh ularni kechirar edi", dedilar. Biz: "Ey Allohning Rasuli, jannat haqida xabar bering, u nimadan bino bo‘lgan", dedik. "Oltin va kumush g‘ishtdan. Uning loyi xushbo‘y mushk, mayda toshlari dur va yoqut, tuprog‘i za’farondir. Unga kim kirsa, boqiydir, umidsiz bo‘lmaydi, abadiydir, o‘lmaydi, kiyimi ham eskirmaydi, yoshligi ham ketmaydi", dedilar".
Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh Ibn Sayyodga: "Jannatning tuprog‘i nimadan?" deb savol qildilar. U: "Oppoq mushkdan bo‘lgan tuproq, ey Abul Qosim!" dedi. Janob Rasululloh: "To‘g‘ri aytding", dedilar (Imom Muslim).
Imom Muslimning yana bir rivoyatida kelishicha, Ibn Sayyod Payg‘ambarimizdan jannatning tuprog‘i haqida so‘ragan. U zot: "Sof mushkdan bo‘lgan oppoq tuproq", deb javob berganlar (Imom Qurtubiy. Jannat vasfi kitobidan).