Bugun 18 noyabr, 2019 yil, dushanba

КИР

Jannat kaliti

Jannat kaliti

Har bir narsaning ochqichi bo‘lgani kabi jannatning ham kaliti bo‘ladi. Bu “Laa ilaha illalloh” kalimasidir. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda: «Jannatning kaliti “Laa ilaha illallohu Muhammadur rasululloh” kalimasidir», deyilgan.

Boshqa bir hadisda: «Qalbi bilan tas­diq­lagan holda tili bilan “Laa ilaha illal­loh” degan kishiga, albatta, Alloh taolo jahannamni harom qiladi”, deyilgan» (Muttafaqun alayh).

Muso alayhissalom Alloh taologa munojot qilib: “Yo Rabbim! Menga shunday so‘zlarni o‘rgatki, men doimo shu so‘zlar bilan Seni zikr qilayin”, dedi. Alloh taolo: “Ey Muso, Laa ilaha illalloh de”, dedi. Muso alayhissalom: “Yo Rabbim! Barcha bandalaring shu kalimani aytadi. Men maxsus bir kalima istayman”, dedi. Alloh taolo: «Ey Muso, yetti qavat osmon va ulardagi barcha narsalar: quyosh, oy, yulduzlar, jannatlar, Arsh, Kursi, farishtalar, yetti qavat yer va ulardagi narsalar, tog‘lar, dengizlar, daryoyu anhorlar, dov-daraxtlar, jinlar va hayvonlar tarozining bir pallasiga, “Laa ilaha illalloh” kalimasi ikkinchi pallasiga qo‘yilsa, shubhasiz, “Laa ilaha illalloh” kalimasi og‘ir keladi”, deb marhamat qildi» (Imom Bag‘aviy, “Sharhus sunna”).

Har bir mo‘min-musulmonning qo‘lida jan­natning kaliti bor. Ta’bir joiz bo‘lsa, “tishlari” namoz, ro‘za, zakot va haj bo‘lgan ushbu ochqichni zanglatib qo‘ymasligimiz kerak. Avvalo, ibodatlarimizni beriyo, tavoze, xushu va xuzu bilan ado etishimiz lozim. Bordiyu toatlarimizga riyo aralashsa, gunohlarimiz ko‘paysa, kalit zanglay boshlaydi.

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh alayhissalom: “Qalb­lar fitnaga bir-bir ro‘baro‘ qilinadi. Qaysi qalb ularni qabul qilsa, unga bitta qora dog‘ tushadi. Qaysi qalb inkor etsa, oq dog‘ tushadi. Oxiri qalblar ikki xil bo‘lib qoladi: biri Safo singari oppoq bo‘lib, yeru osmonlar bor ekan, unga fitna zarar qilmaydi. Ikkinchisi qop-qora bo‘lib, bunday qalb egasi yaxshilikni bilmaydi, yomonlikdan qaytmaydi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo bir kalima evaziga bizga jannatni va’da qildi. Mo‘min kishi jannatga intilishi, jahannamdan qochishi kerak. Bu yo‘lda Rabbimiz bizga ko‘p imkoniyatlarni ato etdi. Lekin ba’zan mana shu imkoniyatlardan foydalana olmay qolamiz. Sahobalar jannat evaziga biror masala ko‘ndalang bo‘lsa, evazi, badali nima bo‘lishidan qat’i nazar, behishtga almashtirishgan.

Saodat asrida bir yigit Payg‘am­bar alayhissalomning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, uylanib, oilam bilan farovon turmush qurish, nomahramlarning ko‘­zi hovlimizga tushishining oldini olish maqsadida qo‘shnim bilan mening hovlim o‘rtasiga devor o‘rnatishga kirishdim. De­vor tiklayotsam, o‘rtada qo‘shniga tegishli xurmo daraxti bor ekan. Qo‘shnimdan xurmo daraxtini menga sotsangiz, uni kesib devor tiklasam, dedim. U ko‘nmadi. Vaholanki, qo‘shnimning xurmozori bor. U hovlimiz o‘rtasidagi bitta xurmoga qarab qolgan emas”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘shnini chaqirtirib, xurmo daraxtini sotib olishni so‘radilar. Yigit bunga ham, devor tiklashga ham rozi bo‘lmadi. O‘jarligi, qaysarligi, dunyoga hirs qo‘y­gani sababli hatto turli takliflarga ko‘nmagan yigitga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar xurmo daraxtini qo‘shningga bersang, men senga jannatdan xuddi shunday daraxting bo‘lishiga va’da beraman”, dedilar.

Yigit bu taklifga ham rozi bo‘lmadi. Shunda Abu Dahdah ismli sahoba roziyallohu anhu darhol o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh, ruxsat bering”, deb gapira boshladi va: “Agar shu yigitdan daraxtini sotib olsam, unga va’da qilingan jannatdagi xurmoni men­ga berasizmi?” Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Shunday qilsang, men senga jannatdagi xurmoni Allohdan so‘rab olib beraman”, dedilar.

Abu Dahdahni tanimagan, bilmagan, u kishining xurmozori haqida eshitmagan kishi yo‘q edi. U kishi o‘sha yigitning oldiga borib: “Xur­mozorimni, qudug‘imni, uyimdagi barcha narsalarni shu bitta xurmo daraxtiga al­mashtiraman”, dedi.

Buni kutmagan yigit dar­hol rozi bo‘ldi. Abu Dahdah roziyal­lohu anhu ha­ligi yigitga: “Xur­mo daraxtini kesib tashlab, de­vo­ringni tiklayver”, dedi.

Abu Dahdah Rasululloh sollallohu alay­­hi va sallamga yuzlanib: “Endi men­ga jannatdagi xurmoni Alloh taolo­dan so‘rab berasizmi?” dedi. Shunda Payg‘am­bar alayhissa­lom: “Yo‘q”, dedilar. Abu Dahdah hayratlanib: “Yo Rasululloh, axir o‘zingiz jannatda va’da qilingan xurmo­ni Allohdan so‘rab olib beraman, degan­dingiz-ku”, dedi. Shunda Sarvari koinot: “Birodaringga shunday saxovat qildingki, endi senga jannatdan bir tup xurmo emas, balki butun boshli xurmozorni, qudug‘i bilan, qasri bilan so‘rab beraman”, dedilar.

Abu Dahdah roziyallohu anhu uyiga borib ayoliga: “Ey onasi, bolalarni olib chiq, uyni va bog‘ni sotdim”, dedi. Ayoli: “Kimga sotdingiz, nima uchun sotdingiz, endi nima qilamiz?” demasdan erining so‘zini ikki qilmadi. Abu Dahdah roziyallohu anhu: “Xurmozorni jannatdagi xurmozorga alishtirdim”, dedi. Ayoli: “Eng yaxshi tijoratingiz shu bo‘libdi”, dedi.

Abu Dahdah oilasi bilan bog‘dan chiqib ketayotgan edi, farzandlaridan biri yerda yotgan bir dona xurmoni olib og‘ziga soldi. Shunda Abu Dahdah yugurib borib, bolasining og‘zidan xurmoni oldi va: “Bolajonim, endi bu mevalar bizniki emas. Bizning mevalarimiz jannatda”, dedi.

Boyazid Bistomiy rahmatullohi alayh­dan: «“Laa ilaha illalloh” kalimasi jannatning kaliti deyilgan. Bundan murod nima?» deb so‘rashdi. U zot: «Darhaqiqat, jan­natning kaliti “Laa ilaha illalloh” kalimasidir. Bu kalitning to‘rtta “tishi” bor. Ular: 1) yolg‘on va g‘iybatdan tiyilgan til; 2) makr va xiyonatdan saqlangan qalb; 3) harom va shubhali narsalardan parhezda bo‘lgan oshqozon; 4) nafsoniy tuyg‘ularga uchmagan, riyo aralashmagan amal», dedilar.

Nuriddin XOLIQNAZAROV

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

“Hidoyat” jurnalining 2019 yil, 9-sonidan

Kiritildi: 08:00 08.11.2019. O'qildi: 937 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!