Indoneziya poytaxti Jakarta dunyodagi eng yirik shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqdi va Tokioni ortida qoldirdi. BMTning World Urbanization Prospects 2025 nomli yangi hisobotiga ko‘ra, Jakarta aglomerasiyasida deyarli 42 million kishi istiqomat qiladi. Keyingi o‘rinlarda Bangladeshdagi Dokka (40 million) va Tokio atrofi bilan birga (33 million) qayd etilgan.
BMT qayd etishicha, sayyora aholisi 8 milliarddan oshgan bir paytda, insonlarning qariyb yarmi shaharlarda yashaydi.
«1950 yilda 2,5 milliard kishining faqat 20 foizi shaharlarda yashagan bo‘lsa, bugungi kunda shahar aholisi soni ikki barobardan ko‘proq oshdi», — deyiladi hisobotda.
Ayniqsa, aholisi 10 milliondan ortiq bo‘lgan megashaharlar soni juda tez o‘smoqda: 50 yil ichida ularning soni 8 tadan 33 taga yetdi, shularning 19 tasi Osiyoda joylashgan. Eng yirik 10 aglomerasiyadan faqat bittasi — Qohira — Osiyodan tashqarida joylashgan.
BMT prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib, 10 milliondan ortiq aholiga ega megapolislar soni 37 tagacha ko‘payishi kutilmoqda. Bu ro‘yxatga Efiopiyadagi Addis-Abeba, Tanzaniyadagi Dar-es-Salam, Hindistondagi Hadjipur va Malayziyadagi Kuala-Lumpur kirishi mumkin. Shu bilan birga, ba’zi katta shaharlar — masalan, Mexiko va Chendu — aholi soni bo‘yicha o‘sishni to‘xtatib, qisqara boshlagani qayd etilgan.