Eron suv inqirozi chuqurlashgan taqdirdagina Tehronni ta’minlash uchun Fors ko‘rfazidagi chuchuklashtirilgan suvdan foydalanishi mumkin. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Abbos Aliobodiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday uzoq masofaga suv yetkazib berish loyihasi haddan tashqari qimmat va "normal sharoitda" iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas. Vazirning ta’kidlashicha, hozirda Choxbahor, Bandar-Abbos va Xuzistonda yirik suvni chuchuklashtirish stansiyalarini qurishga urg‘u berilmoqda. Ushbu loyihalar janubiy viloyatlardagi vaziyatni yaxshilashi va xususiy investisiyalarni jalb qilishi kerak.
Aliobodiyning ta’kidlashicha, janubga yuklama kamaytirilsa, suv resurslarining bir qismi Tehron va mamlakat shimoliga yo‘naltirilishi mumkin, biroq bu masala qo‘shimcha tahlilni talab qiladi va hozircha ustuvor vazifa sifatida ko‘rib chiqilmayapti.
Shu bilan birga, sobiq transport vaziri Abbos Oxundiy Tehronga dengiz suvini yetkazib berish g‘oyasini keskin tanqid qilib, bunday loyihalar ekologik xavf va uzoq muddatli oqibatlarni hisobga olmasligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, "suvni chuchuklashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbuslar va poytaxtni ko‘chirish bo‘yicha munozaralar suv tanqisligining asl sabablarini hal qilmaydi, balki faqat yangi moliyaviy yuklarni keltirib chiqaradi," bundan birinchi navbatda pudratchilar foyda ko‘radi.