Bugun ertalab Italiyaning havo harakatini boshqarish xizmati — ENAV tizimida yuzaga kelgan yirik texnik nosozlik mamlakat bo‘ylab aviaqatnovlarda kechikishlar va reyslar bekor qilinishiga sabab bo‘ldi. Muammolar nafaqat uchib ketish va qo‘nish reyslariga, balki Italiya havo hududi orqali uchib o‘tayotgan samolyotlarga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Nosozlik havo harakatini boshqarishda foydalaniladigan ma’lumotlar uzatish tarmog‘ida yuzaga kelgan. Rasmiylar kiberhujum va qo‘poruvchilik ehtimolini istisno qildi. Parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida mahalliy vaqt bilan soat 06:00 dan boshlab dispetcherlar havo hududining o‘tkazish quvvatini vaqtincha taxminan 50 foizga qisqartirdi.
Cirium tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ertalabga kelib 192 ta reys bekor qilingan. Italiya aeroportlaridan amalga oshirilgan parvozlarning atigi 31 foizi belgilangan vaqtda uchib ketgan.
Milan va Rim shaharlarida vaziyat ayniqsa murakkab bo‘lgan. Ushbu shaharlarda reyslarning mos ravishda 25 va 28 foizigina o‘z vaqtida amalga oshirilgan.
Kun davomida ENAV zaxiradagi sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali tizim ishini tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Dastlab tarmoq odatiy o‘tkazish quvvatining taxminan 75 foizini ta’minladi. Keyinchalik esa xizmat tizim to‘liq tiklanganini ma’lum qildi.