Italiyada Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni buzgani uchun 33 ming tonna metall xomashyosi ortilgan kema musodara qilindi. Kema Novorossiyskdan yo‘l olgan bo‘lib, Brindizi portida ushlangan.
RaiNews xabariga ko‘ra, kema Okeaniyadagi kichik orollardan birining bayrog‘i ostida suzib yurgan. Uni hibsga olishga Yevropa Ittifoqining Rossiyadan eksport va importni cheklovchi 833/2014-sonli reglamenti asos bo‘lgan.
Tekshiruv davomida bort hujjatlarida jiddiy nomutanosibliklar, soxtalashtirish va o‘zgartirishlar aniqlangan. Shuningdek, kema 2025 yil noyabr oyida Novorossiysk portida taqiqlangan yuklash amaliyotlarini amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, kemaning avtomatik identifikasiya tizimi (AIS) port yaqinida o‘chirib qo‘yilgan bo‘lib, bu tekshiruvlardan qochish maqsadida qilingan bo‘lishi mumkin. Kema kapitani ham chalg‘ituvchi bayonotlar bergan.
Guardia di Finanza harakatlarining qonuniyligi Brindizi sudi tomonidan tasdiqlangan. Importyor, kema egasi va ayrim ekipaj a’zolari Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishda gumonlanib, tergov ostida qolmoqda.