Bugun 25 noyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Istanbuldagi tarixiy bozor va ko‘chalar haqida qiziqarli faktlar

Istanbuldagi tarixiy bozor va ko‘chalar haqida qiziqarli faktlar

Noyabr oyida dunyo bo‘ylab do‘konlar chegirmalarni taklif qilayotgan qizg‘in bir pallada dunyodagi eng yaxshi savdo shaharlaridan birida «xarid terapiya»sini amalga oshirishga nima deysiz?!

Unda, ko‘p madaniyatli va o‘ziga xosligini aks ettiruvchi eng yaxshi hunarmandlar hamda mahsulotlarga boy Istanbul, aynan xaridbop maskandir! Istanbul zamonaviy butiklar bilan to‘la ko‘chalardan tortib jonli bozorlargacha va turli yo‘nalishdagi savdo markazlari bilan «xarid terapiyasi» uchun naq xazinaning o‘zginasi. Qolaversa, Istanbul hashamatli mahsulotlari, dizaynerlik kiyimlari yoki an’anaviy esdalik sovg‘alari, noyob tarixiy buyumlari bilan har bir qalbni zabt etishi turgan gap.

Tarixiy bozorlarda an’anaviy xaridlar

Istanbulda tengi yo‘q shahar tajribalaridan biri bu uning tarixiy bozorlarini kashf qilishdir. Ulardan eng mashhurlari Katta bozor va Misr bozori bo‘lib, ular go‘zal manzaralarni o‘xshashi yo‘q tovushlar va ranglar bilan mukammal darajada uyg‘unlashtiradi. Ulkan labirintga o‘xshagan Katta bozor dunyodagi eng qadimgi va eng yirik savdo markazlaridan biridir. Katta bozor boy hunarmandchilik an’analari, Onado‘li gilamlari, charm buyumlari, qo‘lda ishlangan qandillar va ipak kiyimlar kabi yuqori sifatli mahsulotlari bilan har yili millionlab sayyohlarni jalb qilib kelmoqda.Ayniqsa, do‘kon egalari bilan suhbatlashayotganda lola shaklidagi stakanlardan turk choyini tatib ko‘rishning gashti bo‘lak. Bozorning orqa ko‘chalarida joylashgan «savdogarlar restoranlari» deb nomlangan o‘nlab yillik an’anaviy turk restoranlari o‘zining ta’mi og‘izda qoladigan noyob lazzatlari bilan dong‘i ketgan. Misr(Ziravorlar) bozorida turli xil antiqa ziravorlar va turk lokumlariga liq to‘la do‘konlar va ko‘zni qamashtiruvchi rang-barang mahsulotlarning betakror ifori kishini beixtiyor o‘ziga maftun qiladi.

Istanbul savdo markazlari

Istanbulning zamonaviy savdo markazlariga kelsak, shahardagi savdo markazlari kondisioner, avtoturargoh va nogironlar uchun maxsus jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ular ertalab soat 10:00 dan 22:00 gacha ishlaydi, bu esa tashrif buyuruvchilarga har doim qulay xarid qilish imkoniyatini taqdim etadi. Savdo markazlari son-sanoqsiz mahsulotlari, jumladan, mashhur brendlari, taomlanish imkoniyatlari, kafe va kinoteatrlari bilan ajralib turadi, hatto butun kunni oila yoki do‘stlar bilan o‘tkazish uchun mukammal tanlovga aylandi. Bundan tashqari, ko‘ngilochar imkoniyatlar, jumladan, o‘yin maydonchalari va istirohat bog‘lari bolalarning quvonchiga quvonch qo‘shadi.

Savdo ko‘chalari

Istanbul shuningdek, kichik butiklari va brend do‘konlari bilan bebaho xarid zavqini ulashuvchi jonli savdo ko‘chalariga ham ega. Zamonaviy Nishantashi mahalliy dizaynerlarning markazi bo‘lsada, asosiy savdo ko‘chasi Abdi Ipekchidagi xalqaro hashamatli brend butiklar, qolaversa, yuqori darajadagi restoranlar, kafe va san’at galereyalari har kuni mahalliy va xalqaro sayyohlar bilan gavjumdir. Onado‘li tomonidagi Bag‘dat ko‘chasi eng chiroyli savdo bulvarlaridan biridir. Yana bir sevimli savdo ko‘chasi Taksim maydonidan Beyog‘ludagi Tunelgacha cho‘zilgan Istiqlol ko‘chasi bo‘lib, kiyim-kechakdan zargarlik buyumlarigacha noyob mahsulotlarni sotadigan ko‘plab do‘konlari bilan mashhur.

Vintage xarid qilish joylari

Istanbul antikvar va ikkinchi qo‘l buyumlari izlaganlar uchun ham ayni muddaodir. Galatasaroy va Jihangir mahallalari o‘rtasida joylashgan Chukurjuma barqaror xaridlarni qadrlaydiganlar yoki haqiqiy sayohatchilarning maskanidir. Bu yerda, ko‘chalar bo‘ylab haqiqiy gilamlardan tortib 20-asrning zamonaviy mebellarigacha yashirin xazinalarga boy do‘konlar mavjud. Eng yaxshi antiqa sotuvchilar va ikkinchi qo‘l do‘konlari joylashgan yana bir joy — Balat. Halich sohilidagi bu ko‘p madaniyatli hudud Usmonlilar davridan beri antiqa buyumlar sotiladigan joy bo‘lib kelgan. Ammo bu yerdagi auksion madaniyati bugungi kunda shahardagi eng hayajonli tajribalardan biridir. Shishlidagi Feriko‘y mahallasi asl kolleksiyalar uchun ideal manzil. Feriko‘y antiqa bozorida tangalar kolleksiyalari, eski zargarlik buyumlari va vintage kiyimlari kabi ajoyib narsalarni sotadigan 200 dan ortiq sotuvchilar bor.

Kiritildi: 02:32 12.11.2024. O'qildi: 702 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!