❗️Istanbulda soxta alkogol iste’mol qilib, vafot etgan O‘zbekiston fuqarolari soni 23 nafarga yetdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi xabar berdi.
«2025 yil 30 yanvar holatiga ko‘ra, Turkiyada alkogol bilan zaharlangan O‘zbekiston fuqarolari soni 23 kishiga yetdi. Ulardan ikkitasi — ayollar. Barcha jasadlar O‘zbekistonga yuborildi», — deyiladi konsullik xabarida.
Diplomatik vakolatxona ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi fuqarolar, mahalliy shifoxonalarga zaharlanish alomatlari bilan murojaat qilgan bo‘lib, davolanishni tamomlab, uylariga chiqarilgan. Boshqalar esa hozirda tibbiy yordamni davom ettirmoqda.
Yanvar o‘rtalarida turk telekanali NTV xabar berishicha, Istanbul shifoxonalariga soxta alkogol iste’mol qilgan 90 ga yaqin odam murojaat qilgan, ularda metanol bilan zaharlanish aniqlangan. Zaharlanish holatlarining deyarli barchasi, asosan, Turkiyaga ko‘chib kelgan o‘zbek va turkmanlar yashaydigan hududda sodir bo‘lgan.
Soxta alkogol ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanganlikda gumonlanib, 15 kishi qo‘lga olingan, ulardan to‘rttasi «qasd bilan odam o‘ldirishga urinish» moddasi bo‘yicha hibsga olingan. Istanbul hokimiyati qarori bilan shaharda 60 dan ortiq soxta alkogol sotayotgan muassasalar yopilib, lisenziyasiz qoldirilgan.