Istanbulda qalbaki spirtli ichimliklardan zaharlanish qurbonlari soni ortishda davom etmoqda. Hozirgacha fojia 17 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yana 22 nafari og‘ir ahvolda shahar shifoxonalarida.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zaharlanganlar tarkibida metanol bo‘lgan spirtli ichimliklar iste’mol qilgan. Metanol - soxta ishlab chiqaruvchilar tomonidan arzon spirt ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan zaharli modda. Ma’lumki, metanol inson tanasiga kichik dozalarda tushganda ham og‘ir zaharlanish, ko‘rlik va o‘limga olib kelishi mumkin.
Ayni paytda ichki ishlar organlari tomonidan alkogolli mahsulotlarni noqonuniy ishlab chiqarish va ularning savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilyapti. Kuch tuzilmalari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qo‘lda tayyorlangan katta miqdordagi alkogolli mahsulotlar aniqlandi.
Istanbulda spirtli ichimliklarni qalbakilashtirish va sotishda gumon qilinib, 8 kishi hibsga olindi, 6 kishi sud nazoratida, 11 kishi esa ozod qilindi.
Shishli, Beyog‘lu, Fatih, Kagithane, Esenyurt, Sultongazi Bakirkyoy, Uskyudar va Umraniyeda 46 kishi tibbiy yordam so‘ragan.
Turkiya hukumati fuqarolarni spirtli ichimliklar iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.