CNN manbalariga ko‘ra, AQSh razvedkasi baholashicha, o‘tgan juma kuni Isroil Eronga uning yadroviy dasturini yo‘q qilish bahonasida hujum qilgan paytda, Eron amalda yadroviy qurol ishlab chiqish bilan shug‘ullanmayotgan edi va bu qurolni yaratish hamda uni belgilangan nishonga yetkazish imkoniyatidan kamida uch yil uzoqda edi.
«Eron nafaqat yadroviy qurol ustida faol ish olib bormayotgan edi, balki uni yaratish va yetkazish imkoniyatidan ham hali uch yil uzoqda edi», — deydi manbalar.
AQSh rasmiylarining fikricha, Isroilning havo zarbalari Eronning yadroviy dasturini faqat bir necha oyga kechiktirdi. Isroil uranni boyitish uchun zarur bo‘lgan sentrifugalar joylashgan Natanzdagi muhim ob’ektga jiddiy zarar yetkazdi, ammo yaxshi mustahkamlangan Fordo‘dagi ikkinchi ob’ekt deyarli tegilmagan holda qoldi.
Harbiy ekspertlar ta’kidlashicha, Isroilda Fordo‘ga zarar yetkazish imkoni yo‘q — bu uchun AQShning maxsus qurollari va havodan qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi.
CNN yozishicha, “AQSh maxsus xizmatlari va MAGATE Isroil tomonidan Eron yadroviy ob’ektlariga yetkazilgan zararni baholayotgan bir paytda, ushbu zarba Eronni shunday yo‘lga burilishiga majbur qilishi mumkin, ya’ni AQSh rasmiylari fikricha, u hali amalga oshirmagan — yadroviy qurol yaratishga urinishi mumkin.”