Madridda bo‘lib o‘tgan G‘azo va falastinlik asirlarni qo‘llab-quvvatlash xalqaro forumida so‘zga chiqqan Falastin asirlari jamiyati rahbari Emjed Najar Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarning ahvoli “halokatli darajaga yetgani”ni ma’lum qildi.
Najarning ta’kidlashicha, qamoqxona ma’muriyati falastinlik mahbuslarga nisbatan bosim va zo‘ravonlikni kuchaytirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “fashistik moyillikka ega milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir o‘z qasos siyosatini kuchaytirar ekan, mahbuslarga qarshi ochiq provokasiyalar va hatto qatllarga da’vat qilib, inson huquqlarini toptamoqda”.
Jamiyat rahbari xalqaro hamjamiyatni bu holatga befarq bo‘lmaslikka, BMT nazorati ostida mustaqil xalqaro qo‘mita tuzib, qamoqxonalardagi holatni o‘rganishga chaqirdi. Shu bilan birga, u Yevropa sudlarini universal yurisdiksiya asosida zo‘ravonlik va qotilliklarda aybdor bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortishga da’vat etdi.
Avvalroq Isroil OAV qamoqxonalarda falastinlik mahbuslarning qo‘llari orqaga bog‘langan holda yerda yotganini aks ettirgan tasvirlarni tarqatgandi. Ben-Gvir esa bu holatni “etarli jazo emas” deb baholab, “o‘lim jazosi kerak” degan bayonot bilan chiqdi.
Najar bu kabi bayonotlar falastinlik mahbuslarga nisbatan munosabatni yanada yomonlashtirayotganini ta’kidlab, “bu insonlikka qarshi jinoyat va xalqaro aralashuvni talab qiladi”, dedi.