Tel-Aviv «xavfsiz hudud» deb da’vo qilgan Al-Mevasi hududiga Isroil havo kuchlarining hujumi oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar yaralandi. Bu haqda G‘azo sektoridagi fuqarolik mudofaasi kuchlari bayonotida aytiladi.
Isroil samolyotlari Xon Yunus shahri hududlaridan ko‘chirilgan minglab falastinliklar yashaydigan Al-Mevasi hududiga zarba berdi.
Shifoxona manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan va yaralanganlarning bir qismining jasadlari Quvayt dala kasalxonasiga olib ketilgan.
Avvalroq, 1 iyul kuni Isroil armiyasi matbuot kotibi Avichay Adrai falastinliklardan «xavfsizligi uchun» Xon Yunus shahri sharqidagi hududlarni zudlik bilan tark etishni talab qilgan edi.
Al-Mevasi - G‘azo vodiysining janubi-sharqidagi, shimoldagi Dayr al-Balahdan boshlanib, Xon Yunusdan o‘tib, Rafahgacha cho‘zilgan hudud.
Mintaqa Isroil armiyasi falastinliklarni evakuasiya qilishga majbur qilgan «xavfsiz zonalar» qatoriga kiradi.
Ko‘chirilgan falastinliklar infratuzilma, kanalizasiya tarmoqlari, elektr uzatish liniyalari, aloqa va internetga ega bo‘lmagan mintaqada og‘ir sharoitlarda omon qolish uchun kurashmoqda.