Isroil harbiylari va maxsus xizmatlari Eronning harbiy salohiyati tiklanish sur’atlaridan hayratda. Bu haqda The Jerusalem Post o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bunday bahoni ham Isroil mudofaa armiyasi — SAXAL, ham «Mossad» vakillari bildirmoqda.
Avvalroq isroillik ekspertlar Eronga berilgan zarbalar Tehronning harbiy salohiyatini «bir necha yilga orqaga surgani»ni ta’kidlagan edi. Biroq hozir bu xulosalar noto‘g‘ri bo‘lgani tan olinmoqda.
Gazeta manbalariga ko‘ra, SAXAL Eron tomonidan «hech kim kutmagan darajada hayratlanarli tez burilish»ni kuzatmoqda. Bu holat faqat bir yo‘nalishda emas, balki bir qator sohalarda, jumladan ballistik raketalar ishlab chiqarishda ham namoyon bo‘lmoqda.
Agar hozirgi sur’at saqlanib qolsa, Eronning raketa arsenali bir yildan kam vaqt ichida urushgacha bo‘lgan darajaga qayta tiklanishi mumkin.