Bugun 28 iyul, 2026 yil, seshanba

КИР

Isroil G‘azoga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni kiritishni ma’qulladi

Isroil G‘azoga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni kiritishni ma’qulladi

Isroilning siyosiy-xavfsizlik kabineti G‘azo sektoriga Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari (ISF)ni joylashtirishni ma’qulladi. Tashabbus AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki bosqichda missiya tarkibi Isroilga do‘st davlatlardan jalb qilinadigan 200 nafar harbiydan iborat bo‘ladi. Ular orasida Uganda va Marokash vakillari ham borligi aytilmoqda.

Isroil hukumati shuningdek, xalqaro kuchlarga huquqiy immunitet berishni ham ma’qulladi. Bu ularga Isroil mudofaa kuchlari (IDF) bilan muvofiqlashgan holda G‘azodagi belgilangan hududlarda faoliyat yuritish imkonini beradi.

Isroil rasmiylarining ta’kidlashicha, xalqaro missiyani amalga oshirish uchun bosh vazir, mudofaa vaziri va tashqi ishlar vazirining shaxsiy roziligi talab etiladi. Shuningdek, qaysi davlatlar G‘azoga harbiy yuborishi mumkinligi bo‘yicha yakuniy qaror ham Isroil tomonidan qabul qilinadi.

Manbalarga ko‘ra, xalqaro kuchlar joylashtirilgan taqdirda ham Isroil mudofaa kuchlari «Sariq chiziq» deb ataluvchi xavfsizlik hududi ustidan nazoratni saqlab qoladi. Rasmiylar bu holat HAMAS to‘liq qurolsizlantirilmaguncha va G‘azo sektori demilitarizasiya qilinmaguncha davom etishini bildirgan.

Xalqaro missiyaning asosiy vazifalari qurolli guruhlarning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik, qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi kurashish, tunnellar tarmog‘ini yo‘q qilishni nazorat qilish va mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorlashdan iborat bo‘ladi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bu tashabbusni «xalqaro reja» deb atab, uni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmaslik kerakligini bildirdi.

Biroq milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir mazkur qarorga qarshi chiqdi. Uning fikricha, HAMAS o‘z majburiyatlarini bajarmagan va shuning uchun Isroil ushbu rejaga amal qilishga majbur emas.

Haaretz nashrining yozishicha, mazkur qaror 28 iyul kuni Binyamin Netanyahuning Donald Tramp bilan rejalashtirilgan uchrashuvi arafasida Vashingtonga nisbatan ijobiy siyosiy signal sifatida baholanmoqda.

Kiritildi: 17:44 27.07.2026. O'qildi: 300 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!