Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning idorasi Falastinning XAMAS harakati AQShning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini amalda rad etganini, Isroil tomoni esa bu rejaga rozi ekanini tasdiqladi.
Bu haqda TASS agentligi xabar bermoqda.
"Isroil AQSh prezidenti elchisi Stiven Uitkoffning garovdagilarni ozod qilishga qaratilgan yangilangan rejasini qabul qildi, biroq XAMAS o‘z rad etish pozisiyasiga amal qilishda davom etmoqda. AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiven Uitkoff ta’kidlaganidek, XAMASning javobi qabul qilinishi mumkin emas va jarayonni orqaga qaytaradi", deyiladi idora bayonotida.
"Isroil davlati garovga olinganlarni qaytarish va XAMAS ustidan to‘liq g‘alabaga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarini davom ettiradi”, — deya qo‘shimcha qildi idora.
Avvalroq harakat vositachilarga Uitkoffning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifiga o‘z munosabatini bildirgan edi. XAMAS bayonotida ta’kidlanganidek, bo‘lajak kelishuv doirasida harakat "Isroil qamoqxonalaridan kelishilgan miqdordagi falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga 10 nafar tirik isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga va 18 o‘lik jasadni topshirishga tayyor". XAMASning qo‘shimcha qilishicha, javobda "G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini anklavdan olib chiqib ketish va u yerga gumanitar yordam olib kirish” talablari bor. Radikallar garovga olinganlarni qachon ozod qilishga tayyorligi haqida ma’lumot berilmagan.