Nashrning manbalariga tayanib xabar berishicha, Isroil xavfsizlik kengashi HAMAS guruhini “tor-mor qilish” va G‘azo shahrini nazoratga olish rejasini tasdiqlagan. Ushbu qaror Isroilning yuqori martabali amaldorlari ishtirokidagi tungi yig‘ilishda qabul qilingan. Bu xalqaro hamjamiyatning urushni to‘xtatishga chaqiriqlari va HAMAS tomonidan asirga olinganlar taqdiridan xavotirda bo‘lgan isroilliklarning noroziliklariga qaramay amalga oshirildi.
"Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) G‘azo shahriga bir necha bor aviazarbalar bergan va u yerda ko‘plab reydlar o‘tkazgan. Biroq sektorning bu qismi Isroil tomonidan bufer hududga aylantirilmagan va aholisi evakuasiya qilinmagan kam sonli qismlaridan biri hisoblanadi. G‘azo shahri hududida keng ko‘lamli quruqlikdagi harbiy operasiya o‘n minglab odamlarning ko‘chishga majbur bo‘lishiga olib kelishi va oziq-ovqat yetkazib berishni yanada murakkablashtirishi mumkin", deya qayd etmoqda Associated Press agentligi.
Isroil harbiylari hozirda G‘azo hududining 75 foizini nazorat ostiga olgan. Biroq ko‘plab isroilliklar yangi rejadan kutilayotgan natijaga, ya’ni HAMASni to‘liq yo‘q qilishga erishish mumkinligiga shubha bilan qarashmoqda va bu tirik qolgan asirlarning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini aytmoqda.
Times of Israel nashrining yozishicha, G‘azo shahridagi operasiya taxminan 800 ming kishi istiqomat qilayotgan hududdan keng ko‘lamli evakuasiyani talab qilishi mumkin.