Isroil hukumati AQSh rahbarligida faoliyat yuritayotgan, Kiryat-Gatda joylashgan G‘azoni qo‘llab-quvvatlash xalqaro markazi (IGSC)dan Buyuk Britaniya, Germaniya va Italiya vakillarini chiqarib yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Bu qadam Yevropa davlatlarining Isroilga nisbatan pozisiyasini yanada qat’iylashtirishiga javob chorasi sifatida ko‘rilmoqda. Jumladan, Endi Bernem boshchiligidagi Buyuk Britaniyaning yangi hukumati G‘arbiy sohildagi noqonuniy Isroil aholi punktlariga qarshi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Shuningdek, E1 hududida qurilish ishlari kengaytirilayotgani sababli Isroil diplomatlari chaqirib olinmoqda.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi vakillari mutaxassislarni markazdan chiqarib yuborish Donald Trampning G‘azo bo‘yicha «20 banddan iborat rejasi» va BMT Xavfsizlik Kengashining 2803-sonli rezolyusiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarga putur yetkazishini bildirdi. Ushbu ishlar doirasida London AQSh va Tinchlik kengashining so‘roviga binoan yordam ko‘rsatmoqda. Markaz tarkibida Britaniya vakili qo‘mondon o‘rinbosari kabi yuqori lavozimni egallaydi.
Avvalroq Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar aholi punktlaridan tovarlar importiga cheklovlar joriy etgani va harbiy operasiyani tanqid qilgani uchun Niderlandiya hamda Ispaniya vakillarini markazdan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qilgan edi.
Xalqaro inqirozlar guruhi (ICG) va Yevropa tashqi aloqalar kengashi (ECFR) ekspertlari bunday qadamlar namoyishkorona xususiyatga ega ekanini va xalqaro maydonda Isroil hukumatining diplomatik izolyasiyasini kuchaytirib, uning «xalqaro maydonda chetlatilgan davlat» maqomiga yaqinlashishiga olib kelishini ta’kidlamoqda.