Qayd etilishicha, Isroil UNIFIL shtab-kvartirasi va uning atrofidagi ob’ektlarga bir necha bor zarba bergan. Isroilning Merkava tanki UNIFIL kuzatuv minorasini o‘qqa tutishi oqibatida tinchlikparvar kuchlarining ikki nafar vakili yaralangan.
Bundan tashqari, SAXAL Livan janubidagi Labboun hududida UNIFIL idorasiga qarata o‘t ochgani qayd etilgan. Tinchlikparvar kuchlar joylashgan boshpana ham o‘qqa tutilgan, transport va aloqa vositalariga zarar yetkazilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti mojaroning barcha tomonlarini, jumladan Isroilni xavfsizlikni ta’minlash, BMT xodimlari va ob’ektlarining daxlsizligini hurmat qilish majburiyati haqida ogohlantirdi. Shuningdek, UNIFIL kuchlariga ataylab qilingan har qanday hujum xalqaro gumanitar huquq va BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyusiyalarining jiddiy buzilishi ekanligi ta’kidlandi.