Isroil armiyasi ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilning shimolida joylashgan Tubas shahri va atrof-qishloqlarga keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi.
Shaharga yirik qo‘shimcha kuchlar kiritildi, og‘ir harbiy texnika, bronetransporterlar va Apache hujum vertolyotlari joylashtirildi. Isroil qo‘shinlari Tubasga olib boradigan barcha yo‘llarni tuproq to‘siqlar va nazorat punktlari bilan yopib, komendantlik soati joriy qildi.
Tubas gubernatori Ahmad al-Asadga ko‘ra, Isroil tomoni Falastin ma’muriyatini amaliyot “bir necha kun davom etishi” haqida oldindan xabardor qilgan. U buni “hududni nishonga olgan xavfli eskalasiya” deb atadi.
Gubernatorning ta’kidlashicha, Isroil o‘zi iddao qilayotganidek, mintaqada “qidirilayotgan shaxslar” yo‘q va bu amaliyot “hech qanday siyosiy yoki xavfsizlik asosiga ega emas”. Uning aytishicha, komendantlik soati shahar hayotini falaj qilgan, ayniqsa keksalar, bolalar va bemorlar vaziyati og‘irlashgan.
Al-Asadning ma’lum qilishicha, Isroil qo‘shinlari har qanday harakatlanayotgan ob’ektga o‘q ochmoqda. Vazirga ko‘ra, vaziyat keskin yomonlashgani bois, Tubasda Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi javob choralarini ishga tushirgan.