Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.
Telekanal manbalariga ko‘ra, bu uchrashuv yaqinda HAMASning Dohadagi yetakchilariga hujumlar munosabati bilan Isroilga qarshi choralar ko‘rish maqsadida o‘tkazilmoqda.
"Uchrashuvda Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo 57 davlat ishtirok etmoqda. Ular orasida Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning ishtirok etishi tasdiqlangan", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 9 sentyabr kuni Isroil harbiy samolyotlari Qatar poytaxtidagi HAMAS rahbariyati bo‘lgan binoga hujum qilgan edi. HAMAS bu zarba oqibatida guruhning 5 nafar a’zosi halok bo‘lgani, ammo eng yuqori darajadagi rahbarlari omon qolganini ma’lum qilgandi.