O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va O‘zbekiston Islomiy Harakati terrorchilik tashkiloti rahbari Tohir Yo‘ldosh o‘rtasidagi suhbat aks etgan video sudga oid dinshunoslik ekspertizasining 2023 yil 17 oktyabrdagi ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ekstremistik va konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalovchi materiallar qatoriga kiritildi. Bu haqda “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
“Men ilovada keltirayotgan videolavha 1991 yili Namanganda prezident Islom Karimovning tashrifi munosabati bilan olingan. Keyinchalik AQShning Afg‘onistondagi aksilterror kuchlari tomonidan yo‘q qilingan terrorchi Tohir Yo‘ldoshning prezident bilan munozarasi videoda aks etadi”, degan u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Qayd etilishicha, oradan 33 yil vaqt o‘tishiga qaramay, bugun mazkur videoni kimgadir yuborgan shaxs konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilgan hisoblanadi.
Misol uchun, ayni paytda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani "Chirchiq" mahallasi Shodon ko‘chasida yashovchi fuqaro S.SH. shu video havolasini otasiga ulashgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (Konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilish) bilan ayblanmoqda.
“Currenttime” nashri tomonidan e’lon qilingan S.SH.ning ayblov xulosasida keltirilishicha, gumonlanuvchi o‘tgan yilning sentyabr oyida otasiga Karimov va Tohir Yo‘ldosh ishtirokidagi videoni jo‘natgani uchun qo‘lga olingan. Sud-teologik ekspertizasi ham ushbu videoni “ekstremistik” xususiyatga ega deb topgan.
Ayni paytda 1991 yilda Namanganda sodir bo‘lgan voqea videosi bundan o‘n yil avval YouTube platformasiga joylangan bo‘lib, hozirgacha omma e’tiborida. Uni deyarli yetti million kishi tomosha qilishga ham ulgurgan.
1991 yil 9 dekabrda sodir bo‘lgan voqealarda terrorchilik guruhi vakillari Islom Karimov oldiga bir qancha talablarni qo‘ygan, birinchi prezident esa ularni ko‘rib chiqishini aytgan.
Ekspertlarning fikricha, 2009 yilda o‘ldirilgan Tohir Yo‘ldoshni 2016 yilda Oliy sud ekstremistlar ro‘yxatiga kiritgan. Shu bois ham uning nutqi yoki surati tushirilgan har qanday materiallar amaldagi davlat tuzumiga tajovuz sifatida baholanadi.