Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Misr, Turkiya va Pokiston kabi 18 ta islom davlati tashqi ishlar vazirlari Isroil harbiy-havo kuchlarining Xon-Yunis shahridagi «Nosir» tibbiyot majmuasiga bergan havo zarbasini qoraladi.
Bu haqda davlatlar tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotida ma’lum qilingan.
Al Jazeera ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida kamida olti nafar falastinlik, jumladan, jarroh va bir nafar bola halok bo‘lgan.
Qo‘shma bayonotda vazirlar mazkur harakatni xalqaro gumanitar huquqning buzilishi deb atashgan. Shuningdek, Isroilning Falastin qochqinlari lagerlariga davom etayotgan hujumlarini ham qoralab, bunday zarbalar G‘azo sektoridagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga putur yetkazayotganini ta’kidlashgan.
Vazirlar Isroilni o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishga, gumanitar yordamning to‘siqlarsiz yetkazib berilishini ta’minlashga hamda sulh kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirgan. Shuningdek, Vashington va Tinchlik kengashini ushbu masalani hal etishda yordam berishga da’vat etgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi Isroildan vayronkor suv toshqinlari va harbiy zarbalardan jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatish uchun G‘azoga gumanitar tashkilotlarning zudlik bilan kirishiga ruxsat berishni, shuningdek, Falastin anklaviga olib boruvchi barcha chegara o‘tish punktlarini qayta ochishni talab qilgan edi.