Rossiya harbiy sudi O‘zbekiston fuqarosini terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullangani uchun qattiq tartibli koloniyada 15 yil ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Hukmga ko‘ra, u dastlabki uch yilni yopiq qamoqda o‘taydi.
Sud materiallariga ko‘ra, fuqaro 2023 yilning kuzidan 2024 yilning yanvarigacha Krasnodar o‘lkasi va Adigeya hududida voyaga yetmagan shaxs bilan yozishmalar olib borib, uni “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishga undagan.
Shuningdek, tergov organlari uning hibsda bo‘lgan davrida ham radikal targ‘ibot bilan shug‘ullanganini qayd etmoqda. U o‘z kameradoshini ISHID faoliyati “to‘g‘ri yo‘l” ekani haqida ishontirishga uringan.
Rossiya qonunchiligiga muvofiq, mazkur jinoyat terrorchilik faoliyatini targ‘ib qilish va yoshlarni jalb qilish sifatida baholandi.