Bugun 16 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish holatiga qanday chora ko‘riladi?

A A A
Ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish holatiga qanday chora ko‘riladi?

Huquqiy munosabat

Ba’zi insonlarning ma’lumoti va xat-hujjati joyida bo‘lsada, ish qidirib tashkilotma tashkilot yurgani guvohi bo‘lamiz. Ularning ishga qabul qilinishida rad etishlar esa turli xil bo‘ladi.

Demak, biz ish so‘rab borgan tashkilotning qabul qilmasligi qonun doirasiga to‘g‘ri kelish-kelmasligini ham bilishimiz lozim. Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev batafsil ma’lumot berdi.

–O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 119-moddasiga ko‘ra, quyidagilar ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdir. Xususan, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzish, ish beruvchi tomonidan ishga taklif etilgan shaxslarni ishga qabul qilmaslik, ish beruvchi qonunga muvofiq mehnat shartnomasini tuzishi shart bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilmaslik, homiladorlik yoki farzandlar borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ishga qabul qilmaslik hamda sudlangani, shu jumladan tugallangan va olib tashlangan sudlangani sababli shaxslarni ishga qabul qilmaslik kabi xolatlarda ishga qabul qilmaslik qonunga xilof hisoblanadi.

–Ishga qabul qilishni rad etish sabablari qaday usulda va qancha muddatda shaxsga taqdim etilishi kerak?

–Ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, ish beruvchi ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini ishga qabul qilinishi rad etilgan shaxsning talabiga ko‘ra uch kunlik muddatda taqdim etishi shart.

–Ishga qabul qilishni rad etganlik to‘g‘risida yozma asos berilmasa, qonunga xilof ravishda rad etilganlik uchun shikoyat qilsa bo‘ladimi?

–Yozma asosni berishni rad etish ishga qabul qilish qonunga xilof ravishda rad etilgani ustidan shikoyat qilinishiga monelik qilmaydi.

Ishga qabul qilish qonunga xilof ravishda rad etilgan deb hisoblaydigan shaxs qonunga xilof ravishda rad etilganligi fakti ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi, shu jumladan tegishli ishni taqdim etish, o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensasiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

–Ishga qabul qilishni rad etish qonuniy asosini isbotlash kimning zimmasida bo‘ladi?

–O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 120-moddasiga ko‘ra, nizolarni ko‘rib chiqish chog‘ida ishga qabul qilishni rad etishning qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

Kiritildi: 17:24 02.11.2023. O'qildi: 1820 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!