16 noyabr kuni Iroq janubidagi mashhur Nasiriya qamoqxonasida terrorizmda aybdor deb topilgan 21 kishi qatl qilindi.
Qatl qilingan 21 nafar erkaklarning hammasi 2005 yilda qabul qilingan “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunga binoan o‘limga mahkum etilgan.
Ammo ularning aynan qaysi jinoyatni amalga oshirganlari haqida batafsil ma’lumot berilmadi. Ular Iroqning Dar Qar viloyatidagi o‘lim jazosini ijro etadigan yagona qamoqxona hisoblanuvchi Nosiriyada osilgan.
2017 yilning oxirida ISHID mag‘lub bo‘lgani e’lon qilinganidan beri Iroq o‘zining fuqarolari bo‘lgan yuzlab odamlarni ushbu ekstremistik guruhga a’zoligi uchun o‘limga mahkum qildi. Shuningdek, Iroqdagi sudlar o‘nlab xorijiy mamlakat fuqarolarini ham ISHIDga a’zolikda ayblashgan. Xususan, 11 nafar Fransiya fuqarolari va bitta Belgiya fuqarosi ustidan sud jarayoni o‘tkazilib, ular o‘limga hukm qilingan.
Ammo ushbu hukmlar amalga oshirilmagan. Chunki Iroq qonunlariga ko‘ra, o‘lim jazosini amalga oshirish uchun mamlakat prezidentining ruxsati kerak bo‘ladi. Huquqni himoya qiluvchi Amnesty International tashkilotining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq o‘lim jazosini qo‘llash bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi. 2019 yili bu mamlakatda 100 nafar odam oliy jazoni olgan.