Iroq Bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudani AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqida Iroq hukumatining matbuot xizmatiga tayanib "Anadolu" AA xabar berdi.
Qayd etilishicha, telefon suhbatida as-Sudani Trampning saylovoldi va’dalaridan biri — mintaqadagi urushlarga barham berish haqida gapirgan. Ular bu borada birgalikda va muvofiqlashtirilgan tarzda harakat qilishga kelishgan. Shuningdek, as-Sudani Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagan. Ikki davlat rahbarlari o‘zaro strategik sheriklikni rivojlantirish va iqtisodiyot, moliya, energetika hamda texnologiyalar sohalarida yaqin hamkorlik qilishini bildirgan.
Tramp o‘z navbatida, as-Sudani bilan iliq munosabatlar kun tartibini ishlab chiqish va kelajakda uchrashib, Iroq va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash masalalarini muhokama qilishini aytgan.