O‘zbekistonda giyohvand moddalarni tayyorlash, saqlash, o‘tkazish va sotishga doir jinoyat uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Jumladan, voyaga yetmagan shaxsni giyohvandlik vositalari iste’mol etishga jalb qilishga ham.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasining «Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonuni loyihasi muhokamaga tashlandi.
Giyohvand moddalarni saqlash, targ‘ib qilish va o‘tkazishga doir jinoyatlar va huquqbuzarliklar uchun belgilangan moddalarga qo‘shimchalarni nazarda tutgan qonun loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksida quyidagi o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda:
1. 127-modda (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish)ning ikkinchi qismi chiqarib tashlanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismi voyaga yetmagan shaxsni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar iste’mol etishga jalb qilish uchun jazoni nazarda tutgan.
2. 273-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)ning
3-qismi dispozisiyasining «g» bandi quyidagi tahrirdagi «g» va «d» bandlar bilan almashtiriladi:
g) o‘quv yurtlarida yoki o‘quvchilar, talabalar o‘quv, sport va jamoat tadbirlarini o‘tkazadigan boshqa joylarda;
d) telekommunikasiya tarmoqlarida, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa.
Shu moddaning 5-qismi dispozisiyasidagi «sotish» degan so‘z «o‘tkazish» so‘zi bilan almashtiriladi.
3) 274-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga jalb etish)da:
2-qismining dispozisiyasidagi «v» bandi quyidagi tahrirdagi «v», «g», «d» va «e» bandlar bilan almashtiriladi:
v) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
g) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
d) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
e) telekommunikasiya tarmoqlarida, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa.
Shuningdek, 274-modda quyidagi mazmundagi 3-qism bilan to‘ldiriladi:
«Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, –
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».
Ilgari 127-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar iste’mol etishga jalb qilish 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolangan bo‘lsa, endi 274-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi mazmundagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritiladi:
1) 1892-modda bilan to‘ldiriladi:
«1892-modda. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalari, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarni targ‘ib qilish
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalari, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarni qonunga xilof ravishda targ‘ib qilish, shuningdek reklama va namoyish etish, –
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalari, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarni targ‘ib qiluvchi vositalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, -
giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalari, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarni targ‘ib qiluvchi vositalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 400 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 450 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yangi modda qo‘shilishi sababli, 245-moddaning birinchi qismi «189-1» raqamidan keyin «189-2» raqami bilan to‘ldiriladi.