Bugun 20 yanvar, 2026 yil, seshanba

КИР

Infarktdan keyingi reabilitasiya: Qanday tavsiyalarga amal qilish kerak?

Infarktdan keyingi reabilitasiya: Qanday tavsiyalarga amal qilish kerak?

Yurtimizda “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar bergandik. Undan aholi o‘rtasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali erta o‘lim holatlari va nogironlikni kamaytirish, bemorlarni sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq qator ustuvor vazifalar o‘rin olgan.

❓ Shuningdek, loyihada ushbu xastaliklarni reabilitasiya qilishni yaxshilashga doir ustuvor chora-tadbirlar ham belgilangan. Xo‘sh, bu nechog‘lik muhim?

💬 — Infarkt — hayot uchun xavfli kasallik, — deydi Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov. — Biroq uni samarali davolash xatar butunlay ortda qolganini anglatmaydi. Shu sababli bunday xastalikka chalingan yurtdoshlarimiz shifoxonadan zarur muolajalarni olib uyga qaytgach, avvalo, dispanser nazoratiga olinadi. Chunki yurak xuruji asoratlari organizmning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Albatta, bu miokardning zararlanish maydoniga bog‘liq.

🫀 Bunday bemorlarda ko‘pincha yurak ritmi buzilishi kuzatiladi. Miokard nekrozi va chandiq hosil bo‘lishi tufayli yurakning qisqarish qobiliyati pasayadi. Natijada ushbu a’zo yetishmovchiligi rivojlanadi.

Yurakning ko‘p shikastlanishi va katta chandiqlar hisobidan chap qorincha anevrizmasi paydo bo‘lishi mumkin. Bu patologiya yurak faoliyatini yomonlashtiradi, tromb hosil bo‘lishi ehtimolini oshiradi. Shu bois yurak xurujidan so‘ng uy sharoitida reabilitasiya qoidalariga qat’iy amal qilish muhim.

💊 Avvalo, shifokor tomonidan buyurilgan dori-darmonlar, xususan, qon bosimini tushiruvchi, qon ivishining oldini oluvchi, xolesterin miqdorini pasaytiruvchi preparatlar o‘z vaqtida va belgilangan miqdorda qabul qilinishi shart. Har oyda kardiolog ko‘rigidan o‘tib turish kerak.

🚶🏻Bemorning butunlay sog‘lom hayotga qaytishi uchun jismoniy faollik ham talab etiladi. Masalan, xasta kishi shifoxonadan uyga qaytgan dastlabki haftalarda kuniga 10-15 daqiqa piyoda yurishi maqsadga muvofiq.

📈 Bu yuklama bemor holatiga qarab, shifokor ko‘rsatmasiga binoan, bosqichma-bosqich oshirib borilishi mumkin. Ushbu jarayonda velotrenajyor, yengil jismoniy mashqlar ham foydali ekanligini eslatmoqchimiz.

🥙 Reabilitasiya davrida sho‘r, yog‘li, xolesterin va glyukozaga boy mahsulotlar, gazlangan ichimliklar, qovurilgan taomlar iste’mol qilishdan tiyilish lozim.

❌ Chekish va spirtli ichimliklar ichish yurakni yanada zaiflashtirib, takroriy infarkt xavfini ikki barobar oshirishini, qabul qilinayotgan dori-darmonlar ta’sirini pasaytirishini unutmaslik kerak.

➡️ Infarktdan keyingi davrda imkon qadar stress, qo‘rquv, tushkunlik va xavotir hissidan saqlanishga harakat qilish zarur. Bu tavsiyalarga amal qilish xavfli kasallikni butunlay yengib, sog‘lom va uzoq umr kechirishni ta’minlaydi.

Kiritildi: Bugun 12:05. O'qildi: 326 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!