Olimpiadaning ayollar o‘rtasidagi boks bahslarida chempionlikka erishgan Iman Xalif Parijdagi O‘yinlarning tananali yopilish marosimida Jazoir dedegasiyasi bayroqdori bo‘lishi kerak edi.
Associated Press xabariga ko‘ra, avvaliga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan aynan Iman Xalif hamda Olimpiadaning 800 metrga yugurish bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritgan Jamal Sedjati Jazoir bayroqdorlari bo‘lishi aytilgandi. Ammo marosimga bir necha daqiqa qolganida Xalifning o‘rnini gimnastikachi Kayliya Nemur egalladi. Nemur brus bahslarida Olimpiada chempioni bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro boks assosiasiyasi (IBA) Imanni gender uchun topshirgan testdan o‘ta olmagani uchun 2023 yilgi jahon chempionatidan diskvalifikasiya qilgan edi. 25 yoshli Xalif Olimpiadada 66 kg vazn toifasida chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. U oltin uchun kechgan jangda xitoylik Yan Lyuni ochkolar hisobiga ko‘ra taslim etdi.
Bu Jazoirning ayollar boksi tarixidagi ilk Olimpiada medali bo‘ldi. Saralash bosqichida Imanning raqibasi italiyalik Anjela Karini jangning 48-soniyasida bahsni davom ettirmaslikka qaror qilgandi.