Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

«Ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat hindlar bizning qayg‘umizni nishonlamoqda»

«Ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat hindlar bizning qayg‘umizni nishonlamoqda»

Kashmirda tug‘ilgan Ahmad bin Qosimning otasi bolaligidan beri qamoqda, onasi ham ozodlikdan mahrum etilgan. Ahmad uchun Hindistonning Kashmirni qamal qilishi doimiy qayg‘u demakdir.

Soat oltilar atrofida eshikning g‘ichirlashidan uyg‘onib ketdim. Xira yoritilgan xonada onamning porloq chehrasiga ko‘zim tushdi. U yonimga keldi.

Onam yuzimga qattiq tikilib turardi. Ko‘zlari yoshga to‘lganini payqab, o‘rnimdan turdim.

– Nima bo‘ldi, ona? – dedim tashvish aralash. U esa peshanamdan o‘pdi. Ammo umid bag‘ishlovchi yolg‘onlarini aytishidan oldin xonaga hindistonlik ikki polisiyachi kirib keldi.

«Shoshil! Ortiqcha kutolmaymiz!» – dedi ulardan biri o‘shqirgancha. Yuragim tez ura boshladi. Tushkunlik tuyg‘usi meni qamrab olgandi. Oilamizning tinchini buzishga o‘zini haqli deb o‘ylagan ikki notanish odam tungi chiroqni yoqquniga qadar men onamning qo‘lidan tutib, qochib ketmoqchi bo‘ldim. Ammo har qanday qarshilik onam uchun vaziyatni yanada yomonlashtirgan bo‘lardi.

Keyin onamning yotoqxonasiga yugurdim. Xona  bo‘shliq va tushkunlikka to‘ladek edi. Onamning astma va artrit dorilarni to‘pladim. Daftarchamdan varaq olib, ustiga shoshib yozdim:

«Dunyodagi eng yaxshi onaga!

Yodingizda bo‘lsin, sizning yo‘qligingizga ko‘nikmayman. Men siz bilan faxrlanaman va har qanday bola o‘z onasini sevganidan ko‘ra sizni ko‘proq yaxshi ko‘raman.

Men sizni kutaman. Qaytishingiz uchun duo qilaman».

Daftarchani yoniga qo‘yib, uning oldiga yugurdim.

– Ishingiz tugadimi? – deb so‘radi mendan polisiyachi.

Onam tomon yurdim. Xonaga dahshatli sukunat cho‘kkan edi. U menga ojizligini bildiradigan tarzda qaradi. Onamni quchoqlab oldim, uning boshidan o‘pdim.

– Ertaga hayit, ona, – dedim deyarli yig‘lab.

U yuzimni artib: «Otang nima deganini eslaysanmi?» – deb so‘radi.

Ko‘z yoshlarimni bazo‘r to‘xtatdim va baland ovoz bilan dedim: «Erkinlik yo‘q ekan, bu hech narsaga arzimaydi».

Xayrlashadigan vaqt bo‘lgandi. Ortimizdan ovoz eshitildi:

«Siz kishanlangan bo‘lishingiz kerak».

Polisiyachining so‘zlari ichimni yondirdi. Onam qo‘llarimni qattiq siqib qo‘ydi. Uni polisiya jipida olib ketishdi.

O‘sha kundan beri besh yil o‘tdi. Har hayit onamning qaytishiga umid qilaman, lekin hamon men kutgan kun kelganicha yo‘q.

Men 1999 yilda, ikkita siyosiy dissidentning uyida tug‘ilganman. Tug‘ilganimdan ikki oy o‘tgach, otam Hindistonning Kashmirni bosib olishiga qarshilik ko‘rsatgani uchun qamoqqa tashlandi. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Men u bilan qamoqxona tashqarisida bir daqiqa ham vaqt o‘tkazmadim. Ko‘plab kashmirlik bolalar va men uchun otalarimizni ochiq osmon ostida kutib olishning yagona vaqti ularning dafn marosimida bo‘ladi.

***

Ilk bora onamdan otamning qayerdaligi haqida so‘raganimda endigina besh yoshga to‘lgan edim.

«U rost gapirgani uchun qamalgan», – dedi u menga.

Men unga ishonolmadim. Nega kimdir to‘g‘ri ish qilgani uchun azob chekishi kerak? Keyinchalik otamni uy vazifasini qilmagani uchun qamashgan bo‘lsa kerak, degan xulosaga keldim.

Bu fikr bolaligimda ma’no berdi. Yillarcha bunga ishonib keldim. Bir kuni, otamni sog‘inayotganimda uy vazifasini tashlab ketishga qaror qildim, u bilan doimiy yashashning yagona yo‘li shu edi men uchun. Ammo bunday bo‘lmadi.

Bugun odamlar o‘z uylarida, o‘z yerlarida tutqundek yashamoqda.

Tashqi dunyo bilan har qanday aloqa – internet va mobil aloqa yopiqligicha qolmoqda. Kechqurun maktablar yopiladi, ko‘chadagi bolalar majburan uylariga haydaladi. Ko‘chalar bo‘m-bo‘sh.

Har qanday norozilik namoyishini bostirish uchun kamida 700 ming hind qurolli kuchlari joylashtirilgan. Bu askarlarni ko‘rish – bu har kuni ishg‘ol to‘g‘risida eslatmadan boshqa narsa emas.

Men Jorj Orvellning «1984»idagi hayotni Kashmirda ko‘rmoqdaman. Paralellar hayratlanarli. Hind davlati qurolsiz kashmirliklarga qarshi qonli urush e’lon qildi va bu tinchlikni ta’minlash maqsadida bo‘layotganini da’vo qilmoqda!

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi rivojlanishning ilk tongi sifatida ichki qamalni e’lon qildi. Polisiya biror jinoyat sodir etmasimizdan bizni uylarimizga qamab qo‘ydi.

Hindiston bu amaliyotlar paytida kamida 2300 kishini hibsga oldi. O‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llab-quvvatlaydigan har qanday kashmirlik jinoyatchi va terrorchi deb hisoblanadi. Bu yerda sizda  quyidagicha tanlov bo‘lishi mumkin: yo o‘ldirilasiz, yo hibsga olishadi, yoki uy qamog‘ida saqlashadi.

Hind OAV romandagi Haqiqat vazirligi vazifasini bajarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda hindlarning aksariyati bizning qayg‘umizni nishonlamoqda. Hamma ta’qiblarni oqlash bilan mashg‘ul. Men tvit yozdim. Onamning kasalligi, unga tibbiy yordam ko‘rsatishning rad etilgani va uzoq vaqt qamoqxonada ushlab turilishi haqida aytganimda deyarli hamma hindlar uning o‘limini kutishayotgani ma’lum bo‘ldi. Ba’zilar uni ochiqchasiga osish kerakligini aytdi. Naqadar dahshat!

Onamm qamoqdan oyiga bir marta qo‘ng‘iroq qilardi. Qo‘ng‘iroq taxminan besh daqiqa davom etardi. Endi hatto shu ham mumkin emas. Men unga bir hafta oldin xat yozdim, lekin  keyin Hindistonning Kashmirda pochta aloqasi xizmatlari yopganidan xabar topdim.

Endi onam haqida biror yangilik bor-yo‘qligini bilish uchun uning ismini internetda qidiraman. So‘nggi bor bir necha oy oldin suhbatlashdik, uning ovozi sust eshitildi. Undan bu haqda so‘radim, lekin u menga o‘zimni asrashimni va umidimni yo‘qotmaslikni aytdi. Xayrlashishi bilanoq yo‘talganini eshitdim. U qo‘ng‘iroq paytida yo‘talini bo‘g‘ib qo‘yayotgan edi. O‘zi qafasda bo‘lsa-da, menga suyanch bo‘lishga harakat qilardi. Jasorat haqida gap ketganda, Kashmirdagi onalar hamma narsadan ustundir.

Uch yil oldin ota-onalar va o‘qituvchilar yig‘ilishida yolg‘iz ishtirok etishimga to‘g‘ri keldi, chunki ota-onam qamoqda. Ertasi kuni g‘azabga to‘lib, ularni ko‘rgani bordim.

«Nega endi biz oddiy hayot kechira olmaymiz!?» – deb baqirdim o‘shanda.

Dadam xotirjamlik bilan hayotimiz odatdagidek ekanini aytdi. Men uni befarq deb o‘yladim. G‘azablangan ko‘yi uchrashuv zalidan chiqib ketdim. Har qanday odam qullikning g‘ayritabiiy va inson tabiatiga o‘xshamasligini tushunadi. Qarshilik normaldir. Ozodliksiz baxtli yashash g‘ayritabiiydir.

Bizni yo‘q qilishga qaratilgan ishg‘ol ostida yashash – bu inqilobiy harakat. Hammamiz terrordan boshqa narsa bo‘lmagan bu qamaldan omon chiqsak, o‘zimizni muzaffar his qilishimiz aniq.

Manba; azon.uz

Kiritildi: 22:00 12.09.2019. O'qildi: 1822 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!