Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Hujjat bilan mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yanada oshirish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari uchun elektron hujjat aylanishi bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi “Elektron hukumat” tizimining tarkibiy qismi bo‘ladi.
2020 yilning 1 iyulidan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni ko‘rib chiqish va belgilash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami bo‘ladi (keyingi o‘rinlarda – JSh SHIR), uni kiritishda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida davlat ijtimoiy xizmati yoki yordamini olishga so‘rov avtomat tarzda shakllantiriladi.
Loyihada belgilanishicha, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ijtimoiy nafaqa oluvchilar va ularning oilalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi funksional imkoniyatlarini kengaytirish borasida ish olib boradilar.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalarni ko‘rib chiqish va belgilash tartib-taomilining to‘liq avtomatlashtirilishi, shuningdek, davlat xizmatlari markazlari yoki internet orqali onlayn rejimida elektron arizalar topshirish ko‘rsatkichini 75 foizigacha yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
https://regulation.gov.uz/uz/document/19069 havolasi orqali qaror loyihasi bilan atroflicha tanishish va takliflarni bayon etish mumkin.