28 sentyabr kuni AQShda Florida shtatining janubi-g‘arbiy sohillariga “Ien” to‘foni yopirildi. To‘fon oqibatida hozirgacha 14 kishi halok bo‘ldi.
Qayd etilishicha, “Ien” maksimal kuchga ega bo‘lgan paytda, Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha to‘rtinchi toifadagi to‘fon sifatida tavsiflangan, uning ichida shamol tezligi 70 m/s ga yetgan.
To‘fon Florida shtatining 2,6 million iste’molchisini elektr energiyasidan mahrum qilgan, uylarni suv bosib, yo‘llarni vayron qilgan. Ayni vaqtda shtatda favqulodda vaziyat e’lon qilingan. Meteorologlarning prognozlariga ko‘ra, to‘fon AQShda 6 oktyabrgacha davom etadi.
Florida gubernatori Ron DeSantis to‘fon yetkazgan zararni tarixiy deb atagan. U Floridadagi daryolardan birining toshishi har 500 yilda bir marta sodir bo‘ladigan hodisa ekanligini aytgan.
Tabiiy ofat Kubaning g‘arbiy qismidan ham o‘tgan. To‘fon tufayli respublikaning ayrim hududlarida elektr ta’minotidan uzilib qolgan.