Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikasiya ID-kartasi – respublikamiz hududida egasining shaxsini va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlaydigan, ID-karta egasining shaxsiy biografik va biometrik ma’lumotlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi. ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar to‘liq qabul qilib olingandan so‘ng bir ish kuni mobaynida beriladi.
ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi. Jumladan, yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha — ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra), bir yoshdan 16 yoshgacha — 5 yil muddatga hamda 16 yoshdan — 10 yil muddatga beriladi.
ID-karta yo‘qolgan holda esa jarima to‘lashga sabab bo‘ladi. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.
–Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini yoki identifikasiyalovchi ID-kartasini, xorijga chiqish uchun biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamagani oqibatida yo‘qotib qo‘yishi bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi (170 000)dan uch baravari (1 020 000)gacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi deb ko‘rsatilgan.
Demak, ID-karta yo‘qotilgani uchun 170 ming so‘mdan 1 million 20 ming so‘mgacha jarima qo‘llanishi mumkin.