Mayorka aeroportida Nigeriya fuqarosi bo‘lgan 46 yoshli erkak qo‘lga olindi. U ichagida umumiy og‘irligi 1,3 kilogramm bo‘lgan 109 ta paket kokain olib kirishga uringan. Erkak orolga Belgiyaning Sharlerua shahridagi aeroportdan uchib kelgan.
Ispaniya polisiyasi ma’lum qilishicha, Belgiya huquq-tartibot idoralari hamkasblarini narkotik kontrabandasiga shubha borligi haqida oldindan ogohlantirgan. Erkak samolyot qo‘nganidan so‘ng qo‘lga olingan va rentgen tekshiruviga yuborilgan. Tekshiruv uning hazm tizimida ko‘p miqdorda shubhali kapsulalar borligini ko‘rsatgan.
Tibbiy nazorat ostida erkak barcha paketlarni asta-sekin organizmidan chiqargan. Ekspertiza paketlar ichida kokain borligini tasdiqlagan.
Tergovchilar ta’kidlashicha, hatto bitta kapsulaning yorilishi ham o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan dozadan ortiq narkotik qabul qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin edi. Sud gumondorni qamoqqa olish haqida qaror chiqardi.