Yamanning "Ansor Alloh" harakatining hutiy isyonchilari Isroil hududiga raketa hujumi uyushtirdi va Tel-Avivdagi "Ben Gurion" aeroportiga hujum qildi.
Bu haqda hutiylarga tegishli Al Masirah telekanali efirida isyonchilar tomonidan tuzilgan qurolli kuchlar vakili Yahyo Sariya ma’lum qilgan.
"Yaman qurolli kuchlarining raketa kuchlari harbiy operasiya o‘tkazib, bosib olingan Yaffa mintaqasidagi (Tel-Aviv) "Ben Gurion" aeroportiga "Palastin-2" gipertovushli ballistik raketasidan foydalangan holda hujum uyushtirdi. Operasiya o‘z maqsadiga muvaffaqiyatli erishdi", - dedi "Ansor Alloh" vakili.
Unga ko‘ra, hujum natijasida aeroport faoliyati to‘xtatilgan. Sariya shuningdek, yamanlik isyonchilar Isroilning Ashkelon, Tel-Aviv va Eylat shaharlaridagi “nozik joylarga” uchta uchuvchisiz uchoq yordamida hujum qilgani haqida xabar berdi.
Avvalroq Isroil armiyasi Yamandan uchirilgan raketani tutib olgani haqida xabar bergan edi. Mamlakatning bir qancha hududlarida havo hujumi sirenalari yangrab, aholini raketa xavfidan ogohlantirdi.