Fransiya chempionatida oktyabr oyining eng yaxshi yosh o‘yinchisi bo‘lishga da’vogar futbolchilar nomi ma’lum bo‘ldi.
E’tiborli jihati, nomzodlar qatoridan o‘zbekistonlik futbolchi, “Lans” sharafini himoya qilayotgan Abduqodir Husanov ham joy olgan.
Shuningdek, Jonatan Rou (“Marsel”) va Malik Fofana (“Lion”) kabi yosh futbolchilar nomzodlari qo‘yilgan.
Abduqodirga ovoz berish uchun bu yerga bosing.
Oktyabr oyida 20 yoshli futbolchi “Lans” safida barcha 3 o‘yinda to‘liq harakat qildi va Sofascore talqiniga ko‘ra o‘yinlarda o‘rtacha 7 ball oldi. Joriy mavsumda Abduqodir klub safida 11 o‘yinda qatnashdi.
Avvalroq Abduqodirga APLning bir nechta klublari, xususan “Chelsi”, “Nyukasl” va “Arsenal” klublari qiziqish bildirayotgani ma’lum qilingandi.
Ma’lumot uchun, yosh himoyachi Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federasiyasi (IFFHS) 2004 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan futbolchilar orasida dunyoning “Eng yaxshi yosh futbolchisi” bo‘lishga da’vogar bo‘lgan 25 futbolchi ro‘yxatiga kiritildi.