Bu haqda BMTning Loyihalarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi ijrochi direktori Jorje Moreyra da Silva ma’lum qildi.
Da Silvaning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi keskinlik oqibatlari mojaro hududi chegaralaridan ancha uzoqqa tarqaladi. Uning ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi to‘xtatilishining oqibatlarini Osiyo va Afrika qit’asidagi rivojlanayotgan mamlakatlar ko‘proq sezadi.
"Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ishida yuzaga keladigan uzilishlar energiya resurslari yetkazib berilishiga xavf tug‘diradi. Bu esa kimyoviy o‘g‘itlar bozoriga ta’sir ko‘rsatib, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Ayniqsa ochlik darajasi yoki oziq-ovqat beqarorligi yuqori bo‘lgan Sudan, Janubiy Sudan, Afg‘oniston, Yaman va Somali kabi mamlakatlarda", — deya qo‘shimcha qildi u.
Jorje Moreyra da Silvaning aytishicha, dunyo bo‘ylab ochlikdan aziyat chekayotganlar soni bir yil ichida kamida o‘n million kishiga oshishi mumkin. Bundan tashqari, Fors ko‘rfazidagi urushning kengayishi pul o‘tkazmalari oqimiga ham xavf tug‘diradi, ayniqsa Janubiy Osiyo mamlakatlari aholisi uchun.