Hududlarda jamoat transporti harakatining barqarorligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda. Farg‘ona, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyati shahar ichi yo‘nalishlarida avtobuslarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash uchun AGTKShlarda jamoat transportiga ustuvorlik berilmoqda.
Xususan, 25 yanvar kuni jamoat transporti va maxsus texnikalar uchun 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi, bugun esa 2,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Ayrim hududlarda belgilangan vaqt oralig‘ida metan gaz quyish shoxobchalari orqali jamoat va kommunal transportlarga xizmat ko‘rsatildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida gaz quvurlaridagi bosim oshirilib, aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti me’yoriy holatga keltirilmoqda. Jarayonlar viloyat hokimliklari hamda tegishli idoralar tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.